Issiqda “isitmalab” yotgan issiqxonalar

15:00 18 Iyul 2022 Jamiyat
509 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona tumani Mindonobod dahasida qarovsizlikdan qurib-qaqshab ketgan 2,5 gektar maydondagi issiqxonalar goʻyoki jazirama issiqda “isitmalab” yotgan bemorga oʻxshaydi.

Fargʻonalik mirishkorlar taʼbiricha, yerga mehr bersang, u senga barakali hosil, rizq-nasiba beradi. Shu bois yer ilmi sohiblarining har bir giyoh, nihol va ona zamin bilan suhbatlashishi haqidagi samimiy fikrlarini kulgiga yoʻymaslik kerak.

2020-yili Fargʻona tumani Mindonobod dahasida qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 2,5 gektar yerda issiqxona tashkil etilib, hududdagi kam taʼminlangan, ishsiz oilalarga ajratib berish koʻzda tutilgan edi. Ezgu maqsad doirasida issiqxonalar kam taʼminlangan, ishsiz, mehnat migratsiyasidan qaytganlarga 2 sotixdan, jami 125 oilaga, 50 foizi subsidiya, qolgan teng yarmi ATB “Turonbank”ning imtiyozli krediti evaziga taqsimlab berilishi rejalashtirildi.

Ammo yaxshi niyatda boshlangan ishlar yakuniga yetkazilmadi. Bugun qurilishi chala qolib ketgan issiqxonalarning holiga maymunlar yigʻlaydi. Pandemiya sharoitida 125 ta oilaning mushkulini oson qilib, roʻzgʻoriga baraka keltirishi kerak boʻlgan issiqxonalar majolsiz bemor kabi qarovga muhtoj boʻlib yotganini qanday izohlash mumkin?

— Loyihada tik sugʻorish qudugʻi oʻrnatish koʻzda tutilmagani uchun issiqxonadan haligacha foydalanish imkoniyati boʻlmayapti, — deydi Fargʻona tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Otabek Abdurahimov. — 2022-yilning iyun oyida respublika ishchi guruhi kelib, vaziyatni joyida oʻrgandi. Muammoni bartaraf etish uchun Fargʻona viloyati hokimi topshirigʻi asosida viloyat mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobiga bitta tik sugʻorish qudugʻi oʻrnatib beriladigan boʻldi.

Oʻz navbatida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning 2022-yil 24-iyun kungi farmoyishiga muvofiq, tumanning Yambaroq hududida barpo etilayotgan issiqxonaga ham 1 dona tik sugʻorish qudugʻi oʻrnatish uchun mahalliy byudjetning joriy yil birinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajrilgan qismi hisobidan 472 mln. soʻm Fargʻona tumani mahalliy byudjetiga oʻtkazib berish rejalashtirildi.

Aytgancha, viloyat hokimi farmoyishida mutasaddilarga mazkur issiqxona yer maydonlari kam taʼminlangan, ishsiz, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga berilganini qaytadan oʻrganib chiqish vazifasi topshirildi. Shu oʻrinda haqli savollar tugʻiladi: bu ikki issiqxona haqiqatan muhtoj oilalarga berilganmi? Unda nega shuncha vaqtdan buyon issiqxonali boʻlgan oilalar ulardan daromad olishga qiziqmayapti?

ATB “Turonbank” Fargʻona viloyati filiali mutasaddilarining maʼlum qilishicha,bu yerda “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan issiqxona qurilishi ishlari olib borilib, bank tomonidan tegishli kredit mablagʻi toʻliq moliyalashtirib berilgan. Ammo suv taʼminoti masalasi oxirigacha hal etilmagani sababli oʻtgan davr mobaynida issiqxonaga yopilgan plyonkani shamol uchirib ketdi, 2,5 gektar yerdan bir misqol ham hosil olinmadi...

Mindonobodda Ziyovuddin Satorrov yaqinda (shu yilning may oyida saylov oʻtkazildi) mahalla raisi sifatida ish boshlagan boʻlsa, Sherzod Normatov mahallada hokim yordamchisi boʻlib ishlayotganiga yarim yildan oshdi. Lekin har ikki masʼul ushbu muammo boʻyicha hali toʻliq maʼlumotga ega emasliklarini taʼkidlashdi.

— Issiqxonalar ishga tushmayotganining asosiy sababi suv taʼminoti bilan bogʻliq, -deydi ular biz bilan suhbatda. — Hozircha issiqxona olgan fuqarolar boʻyicha toʻliq maʼlumotga ega emasmiz.

Xullas, 2 sotixdan issiqxona olganlardan birini topib, suhbatlashishga muvaffaq boʻldik.

— Issiqxonadan umidimiz katta edi, — deydi mindonobodlik Rustam Alimov. — Ammo orzularimiz sarobga aylandi. Bugungi kunga qadar bu yerdan bir soʻm ham daromad ololmadik. Chunki qanday ekin ekishdan qatʼi nazar, qurib qoladi – suv yoʻq. Oʻzim hududdagi shifer zavodida ishlayman, ikki nafar farzandim bor. Hozircha kreditni qaytarishning imtiyozli davri boʻlgani uchun kichikroq summani bir amallab toʻlayapmiz, garchi issiqxonadan bir soʻm ham foyda koʻrmayotgan boʻlsak ham. Imtiyozli davr tugagach, issiqxonadan daromad olishning imkoni boʻlmasa, kreditni qanday qaytaramiz, hayronman... Na boshi, na oxiri bor boshogʻriq boʻldi bu!

Fargʻona viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Saidjon Davlatovning aytishicha, “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bobida yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilangan.

Oʻrganish natijasiga koʻra yetkazib beruvchi tashkilot, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi va tomorqa yer egasi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Shundan soʻng aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida subsidiya ajratish toʻgʻrisida markaz rahbarining buyrugʻi rasmiylashtiriladi va tegishli toʻlov amalga oshiriladi.

Fargʻona tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 125 nafar fuqaro uchun Fargʻona tumani hokimining 2020-yil 25avgust kungi qaroriga asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun moʻljallangan yengil tipdagi issiqxona barpo etish uchun ajratilgan yer maydoniga issiqxona qurilishi uchun jami 836 million soʻmdan ortiq mablagʻ (bu mablagʻ tumanning yana bir hududi Yambaroqda 2,5 gektar maydonda issiqxona tashkil etish uchun ham subsidiya sifatida ajratilgan) “Ustoz-shogird tomorqa xizmati” MCHJga moliyalashtirib berilgan.

Eʼtiborlisi, Fargʻona tumani hokimining mazkur qaroriga koʻra, yerdan belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, belgilangan shakllardagi hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini (3 yil mobaynida oʻrtacha yillik hisobda) yerlarning normativdagi kadastr bahosidan past boʻlmagan darajada boʻlishini taʼminlash vazifasi belgilangan. Qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari zimmasida edi. Ammo, yuqorida guvohi boʻldikki, chala-yarim qolgan issiqxonalar yaroqsiz boʻlib yotibdi, ulardan esa 125 oilaning hech biri foydalangani yoʻq.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Maqolani tayyorlash jarayonida mahalliy hokimlik idoralari, bank, moliya, bandlik sohasi mutasaddi rahbarlari bilan qayta-qayta bogʻlanishga toʻgʻri keldi. Muammo aniq, lekin hech kim javobgarlikni, masʼuliyatni zimmasiga olgisi kelmaydi. Masalaga yechim izlayotgan jurnalistga esa yovga qaragandek munosabatda boʻlishdi. Vaholonki, jurnalist yoki tahririyatning maqsadi kimningdir yuziga qora chaplash emas, muammoning asl ildiziga borib yetish, pirovardida ezgu maqsadni toʻliq roʻyobga chiqarishga koʻmaklashishga qaratilgan.

Bir haftadan ziyod vaqt davom etgan oʻrganishlarimiz asnosida juda koʻp savollar ochiq qoldi. Ammo muhimi bu emas, muhimi muammoning tezroq hal etilishi...

Bunisi endi mutasaddilarning vijdoniga havola!

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?