Isroil—Yaman tarangligi, Baydenni kim koʻndirgan, Britaniya armiyasida zaiflik (+video)
Isroil Yamanga dron hujumini amalga oshirdi
Isroilning uchuvchisiz dronlari Yaman hududiga zarbalar berdi. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlarga koʻra, ushbu havo hujumlaridan soʻng Yamanning Xodeyda portidagi neft omborlariga jiddiy zarar yetgan.
Qayd etilishicha, bu Isroil tomonidan husiy jangari guruhiga birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri zarba hisoblanadi. Yahudiy davlati birinchi hujumidayoq neftni qayta ishlash zavodlari va elektr infratuzilmasini nishonga olgan.
Havo hujumi husiylar Tel-Avivdagi uchuvchisiz samolyot hujumi uchun masʼuliyatni oʻz zimmalariga olganidan bir kun oʻtib sodir boʻldi. Unda bir isroillik halok boʻlgan va oʻnga yaqin kishi jarohatlangandi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant “Husiylar bizga 200-martadan ortiq hujum qildi. Birinchi marta Isroil fuqarosiga zarar yetkazgani uchun biz ularga zarba berdik”, degan.
Yoqilgʻi va xalqaro yordam uchun muhim port boʻlgan Xodeydaga hujum Isroilni nishonga olgan Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan guruhlar ishtirokidagi Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada chigallashtirib yuborishi kutilmoqda.
Isroil mudofaa kuchlari portning “husiy rejimi” uchun Eron qurollariga kirish yoʻli boʻlib xizmat qilishini hisobga olgani aytilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, zarbalar natijasida kamida 80 kishi yaralangan, koʻpchiligi ogʻir kuyish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Hujumlar Xodeyda porti faoliyatini maʼlum vaqtga toʻxtatib qoʻydi. Ammo Yaman rasmiylari port hali ham toʻliq quvvatda ishlayotganini daʼvo qilmoqda. Qayd etish kerakki, husiylarning Tel-Avivga uchirgan bitta droni muvaffaqiyatli tarzda Isroilning “Temir gumbaz” mudofaa tizimini yorib oʻta olgandi.
Livandagi “Hizbulloh” harakati “Katyusha” raketalari bilan Isroil shimolidagi Suriel qishlogʻiga hujum qildi. Chunki 22-iyul kuni Isroil armiyasi tomonidan Livan janubidagi Sur va Adloun shaharlaridagi qurol-yarogʻ omboriga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida mintaqada kuchli portlashlar sodir boʻlgan, kamida uch kishi jarohat olgan.
Britaniya armiyasida jiddiy muammolar borligi aytilmoqda
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili mamlakat qurolli kuchlari qator jiddiy muammolarga duch kelayotganini aytdi. Shu oʻrinda u quruqlik, dengiz va havo kuchlari qiyinchiliklarga duch kelayotganini alohida taʼkidladi.
Vazirning aytishicha, hozir armiyada kuchning kamayishi, behuda xaridlar, past maʼnaviyat, ishga olish va ushlab turish inqirozi hamda faxriylar oʻzlari munosib xizmatlardan foydalana olmasligi kabi muammolar mavjud.
Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda yangi leyboristlar hukumati hokimiyatga kelganidan soʻng, bu muammolar partiya ilgari oʻylagandan koʻra jiddiyroq ekanligi sezilib qoldi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev va London mamlakat mudofaa qobiliyatini kredit bilan taʼminlash boʻyicha kelishuv imzolaganini maʼlum qilgandi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina bu mablagʻdan havo hujumidan mudofaa tizimlari, radar va qurol-yarogʻ tizimlarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Kiyev texnologiya olish va Gʻarb uslubidagi harbiy texnika uchun ehtiyot qismlar va butlovchi qismlarni qisman ishlab chiqarishni oʻzlashtirish niyatida.
Baydenni kim koʻndirgan?
AQSH prezidenti Jo Bayden ikki nafar eng yaqin maslahatchisi bilan uchrashuvdan soʻng qayta saylanishdan voz kechishga qaror qilgan. Bu haqda “Politico” oʻz manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Bayden oʻz vitse-prezidenti Kamala Harris nomzodini qoʻllab-quvvatladi. Oʻz navbatida, Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Harrisni magʻlub etish, unga Baydenni yengishdan koʻra ancha oson boʻlishini taʼkidladi.
Nashrning yozishicha, shanba kuni ertalab Bayden oʻz shtab-kvartirasiga saylov kampaniyasi qizgʻin pallada ekanini aytgan. U ikki nafar eng yaqin yordamchisi bilan uzoq suhbatdan keyin oʻz pozitsiyasini oʻzgartirdi. Manbalarga koʻra, Mayk Donilon va Stiv Rikchetti Baydenning Delaverdagi uyiga kelishgan. U yerda COVID-19 bilan kasallangan prezident oʻzini izolyatsiya qilgan. Donilon Baydenning bosh siyosiy strategi va spichrayteri hisoblanadi.
Donilon va Rikchetti Baydenga uning toʻxtab qolgan mablagʻ yigʻish kampaniyasi haqida maʼlumot berishgan va noyabrdagi saylovlarda gʻalaba qozonishning iloji yoʻqligini koʻrsatadigan oʻzlarining soʻrov maʼlumotlarini taqdim etishgan. Fikr almashish chogʻida Bayden bir qancha savollar bergan.
“The Wall Street Journal”ning yozishicha, aynan Donilon va Rikchetti Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishini eʼlon qiluvchi bayonot tayyorlashga yordam bergan.
Kamala Harris Netanyahu bilan urushni toʻxtatish haqida gaplashmoqchi
Jo Bayden payshanba kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan Oq uyda koʻrishadi. Oxirgi marta 2023-yil 18-oktyabrda Bayden Tel-Avivga tashrif buyurganidan buyon ikki rahbar birinchi marta uchrashadi. Jo Bayden seshanba kuni 23-iyul sanasida Delaverdagi uyidan Oq uyga qaytishi maʼlum qilingan.
Ushbu yigʻilishda vitse-prezident Kamala Harris ham ishtirok etadi. U Netanyahuga Gʻazodagi urushni Isroil xavfsizligini taʼminlaydigan tarzda tugatish vaqti kelganligini taʼkidlamoqchi. Harris AQSHning Isroil xavfsizligini taʼminlashga chinakam sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Harris nomzodlikni qoʻlga kiritish uchun yetarli boʻlgan 1976 delegatni toʻplagan. Soʻnggi kunlarda Harris kampaniyasiga 28 mingdan ortiq yangi koʻngillilar roʻyxatdan oʻtdi. U oʻzining birinchi saylovoldi tashviqotini Viskonsindan boshlashi aytilmoqda.
Harris onasining qarindoshlari hindistonlik hisoblanadi. Tamilnadudagi qishloq aholisi Demokratik partiya nomzodini qoʻlga kiritmagunicha Harris uchun ibodat qilishlarini aytmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Tilim “Man Siti” deb chiqqan yoxud bitta oʻzbek yigiti qanday qilib Yevropaning eng kuchli jamoalari orasida talash boʻldi (tahliliy maqola)
- 2024-yilda davlat byudjetiga qancha soliq tushumlari tushgan?
- Oʻzbekistonda nechta OTM bor va ularda oʻqiyotgan talabalarning soni qancha?
- Shaxmat oʻynab qancha topish mumkin? Nodirbek Abdusattorov 2024-yilda qancha pul ishlab olgani maʼlum boʻldi
- Davlat dasturi loyihasi muhokamasi: konseptual taklif va tavsiyalar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring