Ismatulla Ergashev Dohada boʻlib oʻtadigan afgʻonlararo muzokaralarning ochilish marosimida ishtirok etadi

13:24 12 Sentyabr 2020 Siyosat
556 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Dohada boʻlib oʻtadigan afgʻonlararo tinchlik muzokaralarining ochilish marosimida ishtirok etadi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Bundan avvalroq Qatar Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi muzokaralar Dohada shanba kuni boshlanishini rasmiy ravishda maʼlum qilgandi.

Rasmiy Kobul delegatsiyasi “Tolibon” harakatining siyosiy idorasi joylashgan Qatar poytaxtiga yetib kelgan. Bu yerga AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo ham kelishi kutilmoqda. Afgʻonlararo inklyuziv muzokaralarni boshlash marosimida 30 dan ortiq mamlakat, shu jumladan Oʻzbekiston tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari virtual tarzda ishtirok etadi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston, Germaniya, Norvegiya, Indoneziya va boshqa qator davlatlarning maxsus vakillari qatnashadi.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yil mart oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya va uning yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi koʻp yillardan buyon birinchi marta afgʻonlararo toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni tezroq boshlash zarurligi toʻgʻrisida mintaqaviy va global darajada har tomonlama konsensus (kelishuv)ni oʻzida ifoda etgandi.

Konferensiya yakunlari Afgʻonistondagi barcha qarama-qarshi tomonlar oʻrtasida tinchlik muzokaralarining boshlanishiga samarali turtki berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?