Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqildi

18:00 18 Avgust 2022 Siyosat
584 0

Foto: president.uz

18-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ITB prezidentini Toshkent shahrida Bank Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Prezidentimiz ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlab, Bankning Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar dasturini amalga oshirishdagi strategik rolini alohida qayd etdi.

Bugungi kunda ITB bilan birgalikda uy-joy kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloqlarni, sogʻliqni saqlash, taʼlim, suv xoʻjaligi, tadbirkorlik va boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muzokaralar chogʻida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yil yakunigacha Bank tomonidan 1,6 milliard dollarlik oʻta muhim loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni maʼqullash nazarda tutilgan alohida dastur qabul qilindi. Taʼkidlanganidek, bu ITB bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish va 2022-2023-yillarga moʻljallangan hamkorlik boʻyicha mamlakat dasturini qabul qilish sari muhim qadam boʻladi.

Bankning Toshkentdagi toʻlaqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasi kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni, ayniqsa, ayollar va yoshlar biznesini rivojlantirish borasidagi vazifalar yechimiga muhim hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

Transport infratuzilmasi boʻyicha mintaqaviy loyihalarni, Orolboʻyida ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlik, shuningdek, IHTning alohida trast fondi koʻmagida Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish va uni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bank boshchiligidagi islom olamining yetakchi moliyaviy institutlarini oʻz ichiga olgan Arab muvofiqlashtirish guruhining navbatdagi yigʻilishini Toshkent shahrida oʻtkazish muddatlarini koʻrib chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер