Islohotlar toʻxtab qolgani yoʻq, balki uzluksiz davom ettirilmoqda

18:29 10 Iyun 2021 Iqtisodiyot
279 0

Oʻzbekistonda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji tobora oʻsib boryapti. Sabab tushunarli. Ishlab chiqarish quvvatlari, transport-kommunikatsiya infratuzilmalari koʻpaymoqda, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Shunga monand ravishda koʻplab energiya inshootlari barpo etilmoqda.

Kechagi chiqishimizda energetika sohasining huquqiy jihatlari haqida toʻxtalib oʻtgan edik, bugun fikrlarimizni misollar bilan izohlasak. Oʻtgan yildan energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollar boʻlib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega. Xususan, quyosh energiyasidan foydalanishga katta eʼtibor qaratilyapti. Zero, bu anʼanaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda muhim oʻrin tutadi.

Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Fikrimizga misol sifatida yana Surxondaryo viloyatida quvvati 457 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmogʻi barpo etilishini misol qilib keltirish mumkin.

Oʻz navbatida, qator yirik tarmoqlar qatori elektr energetikasi tizimini transformatsiya qilish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan. Mazkur muhim jarayonlarga esa Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda “MakKinzi”, «Boston konsalting Grupp», «Rotshild» kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi. Bu elektr energiyasi yoʻnalishidagi monopol bozorlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish imkonini beradi.

Bundan tashqari, 2021-yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari hamda isteʼmolchilar oʻrtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirishga start beriladi.

Bunday misollarni koʻplab keltirib oʻtish mumkin. Binobarin, sohada aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Buning hayotdagi aksini har bir fuqaro his qilayapti, deb hisoblayman.

Tan olish kerak, sohada kamchiliklar hamon koʻp. Bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Lekin ayrim ekspertlarning “hech narsa qilinmayapti”, “islohotlar toʻxtab qoldi”, “oʻzgarishlar uchun yana Sardoba roʻy berishi kerakmi?” degan iddaolari shunchaki oʻzidan “soxta qahramon” yasab olishdan boshqa narsa emas.

Elektr energetikasi xalq va davlatning buguni va kelajagiga daxldor jiddiy strategik tarmoqdir. Shunday ekan, undagi har bir chora-tadbir shu nuqtayi nazardan kelib chiqib amalga oshirilyapti. Bunda energiya resurslarini sotish va sotib olish uchun erkin bozor yaratish, elektr energiyasi importini liberallashtirish, elektr stansiyalarini xususiylashtirish, elektr energiyasini uzatish tizimidan foydalanish boʻyicha aniq va shaffof qoidalar ishlab chiqish, maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish hamda huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish masalasi ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq.

Hammasi yetti oʻlchab bir kesilgan holda davom ettirilmoqda.

Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?