Ishqing tushdi yurakka, chiqarib olsa boʻlmas

18:17 20 Iyul 2022 Jamiyat
448 0

Arxiv surat

Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozov yaratgan serjoziba, betakror kuy va qoʻshiqlar qalblarimizni hamon junbishga keltiradi. Bu — sanʼatning ilohiyligi, manguligiga ishora.

Komiljon Otaniyozov 1917-yil 20-iyul kuni ziyoli oilada dunyoga keldi. Uning otasi Otaniyoz Oxun Niyoziy Xiva xonligidagi eng bilimdon kishilardan hisoblangan. U Muhammad Rahimxon Feruz bilan yelkama-yelka turib, qadimiy Xorazm sanʼati va madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan. Otaniyoz Oxun oʻz davrida bir necha kitoblar yozib, nashr qildirgan. Shuningdek, uning oʻgʻli Komiljon ham hassos sozanda boʻlish bilan birga, yuzlab dilbar va nafis sheʼrlar yozib qoldirgan. Ularni oʻqiganingizda soʻzlarning ohangiga, serqatlam maʼno jilvasiga beixtiyor maftun boʻlasiz.

Komiljon Otaniyozov oʻlmas sheʼriyati va jozibador qoʻshiqlari bilan sanʼatsevar odamlar qalbida abadiy yashayveradi.

Quyida uning badiiy ijodidan namunalar taqdim etamiz.

MURABBA

Holima rahm etgil, nigorim, nigorim,
Oʻrtama dilimni, dildorim, dildorim,
Lutf aylab yoz bir dam xumorim, xumorim,
Sevdim man, sevdim man, kel yorim, kel yorim.

Mehrimni beribman senga yor, senga yor,
Bir qiyo boqmassan menga yor, menga yor,
Bu jafo, bu itob nega yor, nega yor,
Yoʻq toqat, qolmadi qarorim, qarorim.

Soʻrmassan ne sabab holimni, holimni,
Koʻrmadim sen kabi zolimni, zolimni,
Qasding boʻlsa olgin jonimni, jonimni,
Ey chashmi jallodim, xunxorim, xunxorim.

Oshiqni koʻyingda xor etma, xor etma,
Hajringda buncha ham zor etma, zor etma,
Komildin oʻzgani yor etma, yor etma,
Sevdim man, sevdim man, sen yorim, sen yorim!

MUXAMMAS
Maʼshuq yuzin koʻrmayin chin oshiq qolsa boʻlmas,
Kuymasa yurak-bagʻri behuda yonsa boʻlmas,
Samandardek yonmasni bu oʻtga solsa boʻlmas,
Ishqing tushdi yurakka, chiqarib olsa boʻlmas,
Daryoga tomgan yoshni qaytarib olsa boʻlmas.

Visoli kom istabon dod etarman falakka,
Boʻlgil vafoli yorim, koʻngil qoʻyma boʻlakka,
Soʻrmasa holim dilbar gʻamim sigʻmas yurakka,
Uch yuz oltmish tomirga, toʻrt yuz qirq toʻrt soʻngakka,
Ishqing andoq singibdur, ajratib olsa boʻlmas.

Eshit arzimni endi, seni izlab yurarman,
Xayoling-la behudman, na oʻzimni bilarman,
Komil murodin ber, deb men oʻzingdan tilarman,
Devona Mashrabingman, ishq oʻtina kuyarman,
Parvonadek ul oʻtdin oʻzni ayirsa boʻlmas.

Sheʼrlarni Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimi adabiy maslahatchisi, shoir va tarjimon Boltaboy BEKMATOV toʻplagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?