Ishonchli bozor maʼlumotlari shaffoflik va raqobatbardoshlikni oshiradi

23:31 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
284 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun, 22-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda «Oziq-ovqat narxlari monitoringi va tahlili vositasi hamda Narx va bozor maʼlumotlari axborot tizimlari (MAT)” boʻyicha oʻquv seminarini oʻtkazdi. Tadbir mamlakatimiz mutaxassislarining salohiyatini oshirish imkonini beradi, bu esa ularning bu boradagi faoliyatini takomillashtirishga turtki boʻladi.

Shuni taʼkidlash kerak, narx va bozor maʼlumotlari axborot tizimlari qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda, ayniqsa, fermerlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonchli bozor maʼlumotlari shaffoflikni, raqobatbardoshlikni oshiradi va marketing tizimlarining asosiy ishtirokchilari oʻrtasida daromadlarni yanada adolatli taqsimlanishini taʼminlaydi, shuningdek, qiymat zanjirining barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Bundan tashqari, MAT yuzaga keladigan oziq-ovqat muammolari, shuningdek, nisbatan qisqa muddatli taqchillik yoki uzoq muddatli tarkibiy muammolarga bogʻliq boʻlgan sogʻlom ovqatlanish imkoniyati va qiymatini hisob-kitob qilish yoʻli bilan yuzaga keladigan oziq-ovqat muammolari toʻgʻrisida ogohlantiruvchi narxlar tendensiyasini aniqlash orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga sezilarli darajada taʼsir qilishi mumkin. MAT, shuningdek, hukumatlarga qishloq xoʻjaligi sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida yaxshi qoʻllanma boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Bugungi kunda, mintaqaning koʻpgina mamlakatlari qishloq xoʻjaligi sohasini bozor iqtisodiyotiga oʻtkazmoqda, natijada bozor sharoiti milliy ishlab chiqaruvchilar va isteʼmol narxlariga, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishiga taʼsir koʻrsatmoqda. Ushbu tendensiya mintaqada bozor integratsiyasi va savdoni erkinlashtirish kuchayishi bilan davom etishi kutilmoqda.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2030-yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda Oʻzbekiston hukumatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Bir vaqtning oʻzida bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hissa qoʻshadi, yaʼni qashshoqlikka barham berish, iqtisodiy oʻsishni va hamma uchun munosib mehnatni taʼminlash, barqaror isteʼmol va ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish masalalariga.

Ishtirokchilar oziq-ovqat mahsulotlari narxlari monitoringi va tahlili, oziq-ovqat balansi va bozor monitoringi/tahlili, Oʻzbekistonda narxlar va bozor maʼlumotlari tizimini situatsion tahlil qilish va boshqa muhim mavzularni koʻrib chiqdilar.

Maʼlumot uchun: 2021-yilning noyabr oyida FAO Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan “Oʻzbekistonda narxlar va bozor maʼlumotlari hamda qishloq xoʻjaligida qoʻshilish zanjirlarini maqsadli tahlil qilish uchun axborot tizimini joriy etish” boʻyicha hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Hujjat FAOning “COVID-19 va boshqa shoklarga javoban narxlar va bozor axborot tizimlari salohiyatini kuchaytirish va siyosat monitoringi” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan boʻlib, uning maqsadi bozorga kirishni yaxshilash, qiymatni rivojlantirishga koʻmaklashishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?