Ishlamagan odamlar yoʻlimizga toʻsiq boʻlyapti — Shavkat Mirziyoyev

17:49 08 Aprel 2021 Siyosat
768 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Qayd etildiki, oʻtgan yilda kichik biznes subyektlariga jami 120 trillion soʻmlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi.

Shundan, 86 trillion soʻmlik kredit ajratildi, 21 trillion soʻmlik kredit toʻlovi kechiktirildi, 12 trillion soʻmlik subsidiya va soliq imtiyozlari berildi.

Natijada pandemiyadan zarar koʻrgan 104 mingdan ortiq korxonalar faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 33 foizga oʻsdi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarga tanqidiy baho berdi. 

«Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlamagan rahbar bugungi siyosatga xiyonat qilgan boʻladi. Hamma sharoitni qilib beryapmiz. Viloyat hokimlariga hamma hamkorlarni topib beryapmiz. Faqat harakat qilish kerak. Hamma viloyatda imkoniyatlar bor. Mahsulotni sifatli va qimmat sotishni oʻylash kerak», deya taʼkidladi Prezident viloyat hokimlariga qarata. Ishlamagan odamlar yoʻlimizga toʻsiq boʻlyapti.

Har bir hokim yangicha ishlash va yangicha fikrlarga oʻtmas ekan, odamlar bizdan norizo boʻladi.

Biz qanchalik koʻp mablagʻ berganimiz, shart-sharoitlar yaratganimiz bilan, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari dunyoqarashini oʻzgartirib, tadbirkor bilan doʻst boʻlib, yangicha ishlamasa, natija va samara boʻlmaydi, dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yil birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (25,6 trillion soʻm berilgan) oʻsdi.

Lekin ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha toʻliq foydalana olmayapti.

Misol uchun, salohiyati yuqori boʻlgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million soʻmga toʻgʻri kelib, bu – respublika koʻrsatkichidan 2 baravar past (3,5 million soʻm).

Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat koʻrsatish hajmi, 3 million soʻmdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam. Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga toʻgʻri keladigan kichik biznes subyektlari soni atigi 4 ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat (respublikada har ming aholiga 6 ta tadbirkorlik subyekti va ularda ishlovchilar soni 30 tani tashkil qiladi).

Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkorlar (24 foiz) muammolar yechilmayotgani, ular faoliyatiga toʻsqinliklar boʻlayotgani haqida murojaat qilgan. Bu – hududlar ichida eng salbiy koʻrsatkich.

Navoiydagi jami 10 ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagan.

Shuningdek, Navoiyda har bir kichik biznes subyekti tomonidan yiliga 1 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, soliq tushumi 30 million soʻmni tashkil etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?