Ishimizda “mayda-chuyda” masalaning oʻzi yoʻq — Zoyir Mirzayev ilk “hokimlik soati”da viloyat mutasaddilari bilan ochiqchasiga gaplashib oldi

14:19 23 Noyabr 2021 Jamiyat
505 0

Arxiv surat

Joriy yilning 22-noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoyir Mirzayev Nurafshonda videoselektor tarzida ilk “hokimlik soati”ni oʻtkazdi.

Viloyatning barcha tuman va shaharlari sektor rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar, hududiy boʻlinmalar mutasaddilari, mahalliy kengashlar deputatlari hamda viloyat faollari ishtirok etgan bu yigʻilish haqida hali koʻp bora eslanadi. Chunki unda viloyatning yangi rahbari barcha ishtirokchilarga xayrli niyatlarini oshkor qildi. Muhtaram Prezidentimiz har bir amaldorga xalq xizmatkori ekanligini eslatayotgani hech kimning yodidan chiqmasligini qatʼiy taʼkidladi. Muhtojlar duosini olish, qishlogʻu shaharlarni obod qilishda hikmat koʻp ekanligini eslatildi. Shuningdek, “Oyogʻi yerdan uzilgan rahbarlar”ga toqat qila olmasligini bildirdi. “Oldindan kelishib olaylik, menga «hurmatli” deya, murojaat qilishingiz shart emas! deb, qatʼiy ogohlantirdi hokim.

Dastlab, yangi rahbar hududda amalga oshirilishi lozim boʻlgan eng dolzarb masalalarga batafsil toʻxtaldi. Shundan soʻng, endi qanday ishlash lozimligi birma-bir uqtirib oʻtildi. Unga koʻra:

— Enli fuqarolar qabuli koʻchma tartibda oʻtkaziladi. Masalan, soat 14:00 da boʻladigan qabulga soat 8:00 da oʻsha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi bilan birga, fuqaroning uyiga borib, u ilgari surayotgan masalani joyida, batafsil oʻrganib chiqadi.

— Qanday lavozimdagi rahbar boʻlishidan qatʼiy nazar, bilib olsin, bundan keyingi faoliyatimiz — “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Agar lozim boʻlsa, shu soʻzlarni har biringiz oʻz ish stolingiz ustiga yozib qoʻying, chalgʻimaysiz! Yana shuni ham yozib qoʻyinglarki, ishimizda “mayda-chuyda” masalaning oʻzi yoʻq.

Haftada bir marta, dushanba kuni, bajarilgan ishlar tahlili boʻyicha yigʻilish oʻtkazilishi ham viloyat rahbari tomonidan taʼkidlandi. Hokimning taʼkidlashicha, viloyat hokimining fuqarolar murojaatlarini qabul qiladigan Telegram-bot  tashkil qilinadi.

Bu haqda viloyat rahbari toʻxtalib, “Kerak boʻlsa, oʻsha fuqaro bilan telefonda shaxsan oʻzim gaplashaman”, deya taʼkidladi.

“Hokimlik idorasidan chiqayotgan har bir qaror, koʻrsatma va yoʻriqnomalar bitilgan qogʻoz hokimiyatning yuzi ekanligini unutmaylik, — dedi Z. Mirzayev. — Nima demoqchi ekanligimni tushungan boʻlsangiz kerak? Yaʼni, Davlat tili boʻyicha hokimiyat hujjatlarini xato yozadigan xodimning bu dargohda ishlashi mumkin emas”.

Shuningdek, viloyat rahbari bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan har qanday tanqidiy fikrga tegishli sektor rahbari javob berishi shartligini uqtirdi.

Viloyat rahbari yigʻilish davomida ilm-maʼrifat targʻibotchilari boʻlgan matbuot xodimlarining mashaqqatli mehnati xususida ham toʻxtalib oʻtdi:

— Nimaga ayrim hokimlarning eshigi bloger va jurnalistlar uchun doimo yopiq?! Press-tur oʻtkazib, jurnalistlar yonida yurib, bajarilayotgan ishlarni yaxshi-yomonini koʻrsataylik. Yutuq ham, kamchilik ham oʻzimiznikiku axir!

  —Viloyatimiz tuman-shaharlaridagi tahririyatlarni qoʻllab-quvvatlashga doimo tayyorman, — deya  taʼkidladi Zoyir Mirzayev. — Chunki gazetalar bizga kerak. Hududiy tahririyatlardagi jurnalistlar ish tajribasini qadrlanglar, qoʻllab-quvvatlanglar. Bu boʻyicha mutasaddilardan aniq takliflar kutamiz.

Yigʻilish yakunida sektorlar rahbarlari va barcha ishtirokchilarga tegishli vazifalar ijrosi yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berildi.

Shodiyor MUTAHAROV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?