Ish oʻrni yaratilishini qoʻllab-quvvatlash rahbarlar faoliyatining bosh mezoniga aylanishi zarur

13:11 12 Aprel 2021 Jamiyat
427 0

Davlatimiz rahbari boshchiligida 8-aprel kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha tanqidiy videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda baʼzi bir rahbarlarning oʻzini qiynab, masalaning ichiga kirmayotganligi, joylarda tadbirkorlarning muammolari boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotganligi qattiq tanqid qilindi.

Xalqimiz manfaatlarini koʻzlab juda muhim hujjatlar qabul qilinmoqda, lekin ularning ijrosi yetarli darajada taʼminlanmayotgani afsuslanarlidir. Yigʻilishda bu boradagi vaziyat chuqur tahlil etildi.

Bundan buyon nazorat qattiq boʻlishi, oʻzini qiynamagan, tizimli ishni amalga oshirmaydigan rahbarlar qattiq ogohlantirildi. Hududlarga nazorat-tahlil tadbirlariga chiqqanda koʻryapmiz, ayrim mutasaddilar hali ham uygʻonmagan, fuqarolarning muammolarini hal etish masalasiga yuzaki yondashish holatlari oz emas.

Ayniqsa, ish oʻrni ochaman, odamlarga daromad manbai yarataman, degan tadbirkorlarning muammosini hal etmasdan, ulardan nimadir kutayotgan rahbarlar ham borligi achinarli holat. Bunday mutasaddilarga qatʼiy choralar qoʻllash orqaligina vaziyatni oʻzgartirish mumkin. Xalqimiz, jamoatchilik buni toʻgʻri tushunib turibdi, deb oʻylayman.

Yigʻilishda uzoq chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarning boshlangʻich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qoʻyish vakolatini mahalliy Kengashlarga berish taklifi bildirildi. Bundan tashqari, unumdorligi past boʻlgan va foydalanilmayotgan qishloq xoʻjaligi yerlarida ham kichik sanoat zonalari tashkil etish mumkinligi aytildi. Bu topshiriqlarning ijrosi, albatta, ishsiz aholining bandligini taʼminlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlardan biridir.

Elektr quvvatining pastligi natijasida Yangihayot tumanidagi 24 ta korxonada 2.5 mingta ish oʻrni va eksportdan yiliga 25 million dollar yoʻqotilayotgani haqidagi maʼlumot odamni chuqur oʻyga toldiradi. Bunday holat respublikamizning koʻplab hududlarida kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bu muammoni hal etish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy nuqtayi nazardan strategik ahamiyatga egadir.

Shu bois joriy yilda sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, qancha-qancha tadbirkorlarning elektr energiyasi, gaz, suv, yoʻllar borasidagi muammolari yechiladi.

Yigʻilishda qoʻyilgan vazifalar toʻliq bajarilishi xalqimiz turmushini yaxshilashda, ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun biz, deputatlar okruglarga chiqqanda, koʻrish, oʻrganish bilan cheklanmasdan, mahalliy rahbarlarning oldiga qatʼiy masala qoʻyishimiz zarur, deb bilaman.

Tadbirkor boʻlish istagini bildirayotganlar va ishini boshlolmay turganlarga, ishga joylasha olmayotganlarga yaqindan koʻmak bersak, bugungi islohotlarga mos harakat qilgan boʻlamiz.

Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?