Ish haqini oʻz vaqtida olmagan oʻqituvchi maoshi undirib berildi

17:30 02 Avgust 2022 Jamiyat
348 0

Illustrativ foto

Joriy yilning 20-iyun kuni fuqaro Xanifaxon Boʻriboyeva Andijon shahar adliya boʻlimiga murojaat qilib, 2021-yilning fevral oyidan avgust oyiga qadar yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslariga jalb qilinib, tinglovchilarni oʻqitgani, biroq tashkilotchilar tomonidan unga vaʼda qilingan ish haqi toʻlab berilmaganidan norozi boʻlib, bu masalada yordam soʻragan. Uning aytishicha, Andijon shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazida tashkil etilgan oʻquv kurslariga viloyat kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan jalb qilingan boʻlib, unga har bir oʻquv mashgʻuloti uchun 245 ming soʻmdan ish haqi belgilangan. Shunday boʻlsada, oʻqituvchiga hozirga qadar markaz tomonidan ish haqi toʻlanmagan.

Murojaatni oʻrganish davomida Andijon shahar 4-sonli kasb-hunar maktabi direktorining 2021-yilning 1-fevral hamda 1-martdagi buyruqlari bilan 9 nafar oʻqituvchi “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tadbirkorlik oʻquv kurslariga biriktirilgani, shuningdek, ularga kurs tinglovchilarini elektron bazaga tushirish, oʻquv mashgʻulotlarini samarali tashkil etish, roʻyxat asosida kunlik davomatni olib borish, yakuniy test sinovlarini oʻtkazish va muvofiqlik sertifikatini tarqatish vazifalari yuklatilgani maʼlum boʻldi. Bundan tashqari oʻrganish davomida oʻquv kurslarida oʻqitish uchun biriktirilgan oʻqituvchilarning 7 nafariga “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida oʻquv xarajatlari shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan qoplab berilgan boʻlsada, fuqaro Xanifaxon Boʻriboyevaga kelganja oʻquv xarajatlari toʻlab berilmagani aniqlandi.

Oʻrganish natijasida Andijon shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan mazkur fuqaroga nisbatan qonunchilikda belgilangan talablar bajarilmagani aniqlandi. Holat yuzasidan mazkur markazga oʻquv xarajatlarini qayta hisob-kitob qilib, toʻliq toʻlab berishni soʻrab, bajarishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritildi. Kiritilgan taqdimnoma natijasida Xanifaxon Boʻriboyevaga ishlagan oylari uchun jami 14 million 700 ming soʻm ish haqi belgilangan tartib va muddatlarda toʻlab berilishi taʼminlandi.

Azizbek Raupov,
Andijon shahar adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?