Is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq 428 ta holat sodir boʻlgan

14:18 24 May 2022 Jamiyat
247 0

Bugun, 24-may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining yigirma oltinchi yalpi majlis oldidan majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Qoʻmita raisi Q.Burxonov, Qoʻmita aʼzolari, ekspertlar guruhi va tegishli vazirlik va idora vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar birma-bir muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi, xususan, is gazidan zaharlanishning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, senatorlar boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida mazkur tarmoqda qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.

2020 va 2021-yillarda hamda 2022-yilning oʻtgan davrida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida mamlakatimizda 8 milliondan ortiq xonadonlarda isitish tizimlari, dudburonlar koʻrikdan oʻtkazilgan va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish boʻyicha OAV, mahallalar, taʼlim muassasalari, tashkilot va korxonalarda targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.

Prokuratura organlari tomonidan 105 ta tekshirish oʻtkazilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 30 dan ortiq taqdimnoma, 25 tadan ziyod ogohlantiruvlar kiritilib, 25 nafar shaxs intizomiy va 4 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Senatorlar qayd etishicha, oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada oʻz samarasini bermagan. Oqibatda 2020-yildan 2022-yilning oʻtgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq 428 ta holat sodir boʻlgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.

Isteʼmolchilarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil turdagi yoqilgʻidan foydalanishda xavfsizlik madaniyatining shakllanmaganligi, gazda ishlovchi qurilmalarning dudburon va shamollatish kanallari soz holatda emasligi, sifatli tozalanmaganligi va belgilangan muddatlarda texnik koʻrikdan oʻtkazilmayotganligi is gazidan zaharlanish holatlari hamon koʻpligicha qolishiga asosiy sabablaridan biri boʻlmoqda.

Shuningdek, milliy qonunchilikda is gazi chiqishi, uni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish, aholini muhofaza qilish, xususan, zaharlanish holatlarining oldini olish borasidagi munosabatlarni oʻzida ifoda etuvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham tarmoqda ijobiy oʻzgarish boʻlmayotganligiga bir sabab sifatida aytib oʻtildi.

Xususan, amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga masʼul boʻlgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Taʼkidlanishicha, is gazining chiqishi bilan bogʻliq holatlar asosan koʻp kvartirali uylarda yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, senator Samarqand viloyatida olib borgan oʻrganishlari natijalarini ham alohida aytib oʻtdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?