Irsiy kasalliklarning 40 foiziga yaqini qarindosh-urugʻlar oʻrtasida tuzilgan nikohlar oqibatida yuzaga keladi — olimlar

09:52 20 May 2021 Jamiyat
332 0

Mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida erta nikoh hamda yaqin qarindoshlar orasida tuzilgan nikohlarning oldini olish, shu orqali oilaviy ajrimlarning sonini kamaytirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.

Genetik olimlar izlanishlariga koʻra, ajrimlarning eng jiddiy sabablaridan biri – bu yaqin qarindosh-urugʻlar oʻrtasida tuzilgan nikoh boʻlib, bunday oilalar farzandlarining aksariyatida maʼlum bir tugʻma nuqsonlar uchraydi. Maʼlum boʻlishicha, irsiy kasalliklarning 40%ga yaqini qarindosh-urugʻlar oʻrtasida tuzilgan nikohlar oqibatida yuzaga keladi va tugʻilajak bolalarning salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, ularning yashovchanligi pasayishiga sabab boʻladi. Millat kelajagiga xavf soluvchi 1600ga yaqin irsiy kasalliklar turi mavjudligini inobatga olsak, ularni barvaqt aniqlash tashxisi malum vaqt va katta mablagʻ talab etadi.

Ushbu holatlarning oldini olish va millat kelajagi boʻlgan ona va bola salomatligiga jiddiy eʼtibor qaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan joriy yilning 4-may kuni erta nikoh hamda yaqin qarindosh-urugʻlar oʻrtasida tuzilgan nikohlar oqibatida nogiron va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tugʻilishining oldini olish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Respublika ona va bola skrining markaziga soʻrov yuborilgan edi.

Kuni kecha mazkur soʻrovnoma boʻyicha masʼul tashkilot tomonidan maʼlumot taqdim etildi, ayni vaqtda Qoʻmita tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar tahlil etilmoqda. Yaqin kunlarda saytda Qoʻmita tomonidan bu borada olib borayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?