Iqtisodiyotning qon tomiri

17:04 05 Avgust 2022 Jamiyat
723 0

Foto: Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati

Prezidentimiz Farmoniga binoan 2017-yildan buyon yurtimizda avgust oyining birinchi yakshanbasi Temir yoʻl transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Shu kuni mazkur soha vakillari mehnati alohida eʼtirof etilib, sana munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Chindan ham bugun iqtisodiyot tarmoqlari rivojini temir yoʻl transportisiz tasavvur etish mushkul. Hatto bahaybat texnikalardan foydalanadigan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJda ham tashilayotgan maʼdanlar hajmining 60 foizdan koʻprogʻi poʻlat izlar orqali oʻz manziliga yetkaziladi.

— Korxonamiz balansida 317 kilometrlik temir yoʻl kommunikatsiya tarmogʻi mavjud, — deydi NKMK temir yoʻl transporti boʻlimi boshligʻi Yerali Arapbayev. — Mazkur yoʻllar orqali har kuni 141 ming tonnadan ortiq maʼdan qayta ishlash korxonalariga yetkazib berilmoqda. Agar bu yuklar ortilgan vagonlarni bir yoʻlga tizsak, qariyb 1800 vagondan iborat sostav tarkib topardi.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan kombinatni rivojlantirishning 2017— 2026-yillarga moʻljallangan strategiyasiga muvofiq yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qiymati 3,4 milliard dollar boʻlgan 27 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu oʻz-oʻzidan yangi konlar, yangi-yangi xom-ashyo bazalari va ishlab chiqarish quvvatlari demakdir. Tabiiyki, temir yoʻl transporti xizmatiga talab ham mos ravishda ortadi. Shu bois keyingi yillarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda yangi temir yoʻllar qurish, mavjud liniyalarni rekonstruksiya qilish, yuk hamda yoʻlovchi tashish transportini modernizatsiya qilish boʻyicha bir qator yuqori istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Bolpantau va Tomdibuloq konlarida oltinga boy resurslarning oʻzlashtirilishi 2-GMZga qayta ishlash uchun yetkazib beriladigan xomashyoning miqdori va sifat koʻrsatkichlarini barqarorlashtiradi. Shu maqsad yoʻlida NKMKning mahsulot ishlab chiqarish hajmini taʼminlashga qaratilgan, “2026-yilgacha qimmatbaho metallar ishlab chiqarilishini oshirish dasturi” doirasida 35 km.dan iborat boʻlgan “Bolpantau” va “Tomdibuloq” obyektlari temir yoʻl tarmogʻi qurilishi 2021-yil 15-oktyabrda boshlangan edi. Oradan rosa sakkiz oy oʻtib, joriy yilning 15-iyun kuni montaj ishlari yakuniga yetkazildi.

— Ushbu loyihaning investitsiya dasturi asosida 5,5 million dollarlik temir yoʻl qurilishi texnikalari hamda 2 dona “2TE25 KM” seriyadagi 2 seksiyali zamonaviy teplovozlar xarid qilib, chetdan hech qanday tashkilotni jalb etmasdan barcha bunyodkorlik ishlarini oʻz kuchimiz bilan amalga oshirdik, - deya davom etadi Yerali Arapbayev. — Mazkur temir yoʻl obyektining ishga tushirilishi 2-GMZga har yili 3 mln tonna miqdorida oltin rudasini yetkazib berishda qoʻl keladi. Shu bilan birga ushbu temir yoʻl tarmogʻiga oʻz vaqtida talab darajasida xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida, 36 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Mazkur temir yoʻl ishga tushirilishi tufayli bandligi taʼminlangan yoshlar kombinat koʻmagi bilan oʻquv markazlarida zarur mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitilib, tajriba va koʻnikmaga ega boʻlishdi. Tomdibuloq ovulida yashovchi Muhit Srailov shulardan biri.

— Ovulimiz yaqinida temir yoʻl qurilayotganini bilib, qoʻlimda hunarim, mos hujjatim boʻlmasada, kombinat boʻlinmasiga ish soʻrab bordim, — deydi M. Srailov. — Masʼullar kasb oʻrganishga tavsiya berishdi. Belgilangan muddatda montyorlik kasbiga oʻqib, mana, Markaziy kon boshqarmasi temir yoʻl transporti boshqarmasiga lokomotiv xizmati yoʻl montyori sifatida ishga joylashdim.

Muhit 7-avgust kuni kombinatning 2 ming nafarga yaqin temir yoʻlchilari safida ilk bor kasb bayramini nishonlaydi. U oʻz kasbi, mehnat qilayotgan tarmogʻi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga egaligini dildan his etib, ayni bayram arafasida qalbi yanada gʻurur ila yorishgani shubhasiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер