Iqtisodiyotda ijobiy oʻsish dinamikasi saqlab qolindi

22:37 21 Iyul 2020 Iqtisodiyot
474 0

YAIM 255,3 trln. soʻmni tashkil etdi va 0,2% ga oʻsdi, oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 6% ga oʻsdi. Sanoatning yalpi qoʻshilgan qiymatining oʻsishi 0,3% ni tashkil etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilning birinchi yarmida kichik boʻlsada iqtisodiy oʻsish surʼatlari saqlanib qolindi. Yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 255,3 trillion soʻmni tashkil etib, oʻsish koʻrsatkichi 0,2 %ni tashkil etdi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ushbu koʻrsatkich 6 %ni tashkil etgandi.Sohalarda yalpi qoʻshilgan qiymat oʻsishi 0,3 % ni tashkil etdi.

Iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlarida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish dinamikasi sekinlashgan boʻlsada, oʻsish davom etmoqda. Ushbu koʻrsatkich xizmat koʻrsatish sohasida 2,6 %, qurilish xizmatlarida 7,3 %, isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish tarmogʻida 1,2 %ga oshdi.

Hududlar kesimida YAHM oʻsish tendensiyalari boʻyicha Andijon (5%), Navoiy (4.3%) va Namangan (3.1%) viloyatlarida yuqori rivojlanish koʻrsatkichlariga ega. YAIM strukturasini qaraydigan boʻlsak yaratilgan qoʻshilgan qiymatning 24,0 %i qishloq xoʻjaligida, 37,7 %i sanoatda va 38.8 %i xizmatlar sohasida yaratildi.

Taqqoslash uchun, qoʻshni davlatlar iqtisodiyotlarida retsessiya boshlanganligi qayd etilmoqda. Xususan, Qozogʻistonda birinchi yarim yillikda YAIM hajmi 1,8 %ga, Qirgʻizistonda esa 5,3 %ga pasaygan.Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki hisob-kitoblariga koʻra, YAIMning yillik pasayishi 9,5-10 %ni tashkil qiladi.Xitoy iqtisodiyoti ikkinchi chorakda 3,2% oʻsganiga qaramay, birinchi yarim yillikda jami 1,6 %ga qisqargan.

Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari indeksi iyun oyida oʻtgan yilning dekabriga nisbatan 104,6% ni tashkil etdi, 2019-yilning 6 oyi davomida isteʼmol narxlari indekslari 105,6% ni tashkil etdi.Shu bilan birga, yillik hisobda iyun oyida oʻtgan yilning iyuniga nisbatan tovarlar va xizmatlar narxlari 14,2 %ga, 2018-yil iyunidan 2019-yilning iyunigacha esa 13,6% ga oʻsishi kuzatilgandi.

Investitsiyalarda pasayish kuzatildi. Oʻtgan yarim yil mobaynida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 12,8 %ga kamaygan. Investitsiyalar strukturasida asosan markazlashgan investitsiyalar 35,4%ga kamaygan. Markazlashmagan investitsiyalarda kamayish atigi 2,5 %ni tashkil etgan. Shu bilan birga, korxonalar mablagʻlari hisobiga investitsiyalarning 15,8 %ga oʻsganligi qayd etildi. Toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar va kreditlar oʻtgan yilga nisbatan 18,2% ga oshgan. Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida 3,6 trillion soʻmdan ortiq mablagʻlar investitsiya loyihalariga qoʻshimcha yoʻnaltirildi.

Sohalar kesimida qishloq xoʻjaligida oʻsish suratlari 2,8 %ni tashkil etib, bu oʻtgan yilgi (2,4%) koʻrsatkichdan yuqoridir. Qishloq xoʻjaligi sohalari ichida baliqchilik (16,7%) keskin rivojlanish koʻrsatkichlarini koʻrsatdi. Hududlar kesimida Qashqadaryo va Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan boshqa barcha viloyatlarda dinamik oʻsish tendensiyalari kuzatildi.

Sanoat tarmoqlarida ham olib borilgan samarali choralar natijasida mahsulot ishlab chiqarishni keskin pasayib ketishi oldi olindi. Xususan, keskin karantin choralari kiritilgan aprel oyida ham sanoat mahsulotlari hajmi pasayishi - 5.4% ni tashkil etgan edi. May va iyun oylarida esa qabul qilingan chora tadbirlar natijasida mazkur sohadagi yoʻqotishlar - 1.9 %gacha kamaydi, Ushbu kamayish asosan togʻ-kon sanoatida yuz bergan pasayish hisobiga roʻy berdi. Shu bilan birga, elektr ishlab chiqarish (12.9%) sanoatida oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarimizga qaraganda keskin oʻsish kuzatildi. Ayni vaqtda sanoat ishlab chiqarishning 81 foizini tashkil etuvchi qayta ishlash sanoatida ham 2,2 foizlik oʻsish qayd etildi.

Xizmatlar sohasida ham (2,6 %) oʻsish tendensiyalari kuzatildi. Xizmatlar sohasining muhim qismi boʻlgan yuk va passajirlar tashuv xizmatlarida (-9,1%), ovqatlanish va yashash xizmatlari (- 17,1 %) sohalarida keskin pasayish kuzatilgan boʻlsa, aloqa (15,1 %), moliya (35.9%), taʼlim (11,5%) va savdo (0,8%) xizmatlarida oʻtgan yilga nisbatan oʻsish tendensiyalari saqlanib qoldi.

Transport sohasidagi koʻrsatkichlarning pasayishi ikkinchi chorakning birinchi oylarida transport vositalarining harakatlanishiga qoʻyilgan cheklovlarning taʼsiri va hududlararo transport aloqalarining toʻxtatilishi tufayli yuzaga keldi. Yuk aylanmasi koʻrsatkichi 6,6 %ga, yoʻlovchi tashish aylanmasi 13,8 %ga pasaydi.

Chakana savdo sohasida bozorlar va yirik savdo maydonchalarining vaqtinchalik yopilishiga qaramay, ijobiy dinamika saqlanib qoldi – chakana savdo hajmi 0,7% ga oshdi.

Tashqi savdoda talab pasaymoqda

Pandemiya mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatiga ham ancha jiddiy taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda. Xususan, 2020-yilning 1-yarim yilligida yalpi tashqi savdo aylanmasi 15,9 mlrd. AQSH dollarni tashkil etib oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 18,2 %ga pasaydi. Shuni taʼkidlash lozimki, 2014-2016-yillarda ham tashqi savdoda ham shunga oʻxshash pasayishlar kuzatilgan.

Tashqi va ichki talabning oʻzgarishi natijasida eksport va import operatsiyalarida ham oʻzgarishlar kuzatildi. Yarim yil mobaynida eksport operatsiyalari 22,6 %ga, import operatsiyalari esa 15 %ga kamayib tashqi savdo balansi 3,3 milliard AQSH dollari miqdoridagi defitsitga ega boʻldi.

Pandemiya MDH davlatlariga amalga oshirilayotgan eksport koʻrsatkichlariga jiddiy taʼsir oʻtkazdi – eksport hajmi 34,7 %ga tushib ketdi. Boshqa davlatlarga qilingan eksport hajmi esa nisbatan kamroq 15,7 %ga pasaydi. Import hajmida esa aksincha, MDH davlatlaridan import hajmi 9 %ga, boshqa davlatlardan esa 18,2 %ga kamaydi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston iqtisodiyoti pandemiya sharoitida hamkor davlatlar iqtisodiyotida yuzaga kelgan retsessiya sharoitida iqtisodiy oʻsishning ijobiy dinamikasini saqlab qola oldi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda maqsadli cheklov choralarini qoʻllash, aksariyat korxonalarning toʻliq yopilishiga yoʻl qoʻymaslik karantin cheklovlariga qaramay may-iyun oylarida tadbirkorlik sohalarida faollikni tiklash imkonini berdi. Qishloq xoʻjaligi va qurilishda yaratilgan qoʻshimcha qiymat hajmining oʻsishi sanoat va qurilishdagi yoʻqotishlarni qoplash imkonini berdi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda oʻrtacha oylik ish haqlari 2.5 mln soʻmni tashkil etib oʻtgan yilga nisbatan 21,6 %ga oʻsganligi qayd etildi.

Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan kichik biznes subyektlari soni 324 mingdan 395 taga yetdi va olti oy mobaynida 46 mingdan ortiq yangi subyektlar tashkil qilindi.

Mazkur sharoitda Oʻzbekiston yil oxiriga kelib iqtisodiyotda ijobiy dinamikani saqlab qolishi kutilmoqda. Turli Xalqaro moliya institutlari va boshqa prognozlarga koʻra, yil yakuniga qadar iqtisodiyotda 1,5%-2.2%lik oʻsish kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?