Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish – bugungi kun talabi

23:02 05 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
222 0

Maʼlumki, xususiy kapitalni jalb qilgan holda yangidan-yangi ish oʻrinlarini barpo qilishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda yirik sanoat korxonalarida va baʼzi tarmoqlarda davlat ulushining saqlanib qolayotgani bozor mexanizmiga oʻtishni kechiktirayotganini yashirib oʻtirishning hojati yoʻq. Shu omillar sabab yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalarida sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.

Aynan davlat ulushi mavjud korxonalarni isloh qilish maqsadida yaqinda Prezidentimizning “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoni qabul qilindi. Bu Farmonni qabul qilinishidan koʻzlangan maqsad nimalardan iborat, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta.

Aytish joizki, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirmasdan turib, tadbirkorlar oʻrtasidagi sogʻlom raqobat muhitini shakllantirib boʻlmaydi. Shu bois, mazkur Farmon orqali xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra, ilgarigi tartibdan farqli oʻlaroq, davlat aktivlarini sotib oluvchilar qisman toʻlovni amalga oshirganlarida toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividend olish huquqi asosida “tasarruf etish huquqisiz” egalik sertifikati berilishi belgilandi.

Bundan tashqari davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish shartnomalari doirasida qisman toʻlovni amalga oshirgan xaridorga sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilishi belgilandi.

Koʻrinib turibdiki, davlat ulushlarini xususiylashtirish borasidagi mexanizm soddalashmoqda, koʻchmas mulklarni sotib olish istagidagi tadbirkorlarga qulay imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Bu albatta, bugun ishlamay turgan va raqobatdan chetda qolgan davlat ulushi mavjud korxonalarni tezroq sotish, ular oʻrnida bugungi bozor talablariga mos ishlab chiqarish korxonalari barpo etilishiga olib keladi. Yangi ish oʻrinlari hamda eksportbop mahsulotlar tayyorlanishiga asos boʻladi.

Barno Mirzamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?