Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash – kelajak uchun investitsiya

20:26 22 Iyun 2022 Jamiyat
1244 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda oila institutiga oid takliflar barchani bir zum boʻlsada, millatimizning buguni va ertasi haqida mushohada qilishga majbur qildi, desak adashmaymiz.

Mazkur takliflarning mazmun-mohiyati haqida Toshkent davlat yuridik universitetining Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri Bekzod NARIMANOV bilan suhbatlashdik.

 Davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, doimo qoʻllab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qoʻyishimiz kerak degan gʻoya yangradi, – deydi Bekzod Narimanov.  Mamlakatning kelajagi soʻzsiz yosh avlodning tarbiyasi va taraqqiyoti bilan bogʻliq. Yosh avlodning kamoli, kelajagiga esa oilada onaning, yaʼni xotin-qizlarning ne chogʻli savodxon va tadbirkor ekani ham taʼsir qilishi shubhasiz. Yurtimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yoshlardan iborat ekanini inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatlarini himoya qilish va kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy va amaliy jihatdan yechimini topish kun tartibidagi muhim vazifadir.

Tadqiqot ishlari bilan mashgʻul, yangi zamonaviy loyihalar ustida ishlayotgan izlanuvchan, iqtidorli yoshlarni yanada ragʻbatlantirish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng jalb etishda ularning salohiyatidan toʻgʻri va samarali foydalanish, eng muhimi, aholining eng harakatchan, sergʻayrat qatlami vakillarining imkoniyatini toʻgʻri baholashda amaldagi qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish ustuvor vazifa deb oʻylayman.

Hozirgi kunning muhim muammolaridan biri ilmiy talabchan tarmoqlarni koʻtarish hisobidan jahon bozorida raqobatdoshlikka erishish uchun innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtishdir. Xalqona aytsak, innovatsiyani rivojlantirish bilangina iqtisodiyotga investitsiya oqimini koʻpaytirish mumkin.

Davlat arbobi Benjamin Franklin yozganidek, “Ilm-fanga qilingan investitsiya eng yaxshi dividendlar toʻlaydi”.

Fan, innovatsiya har bir Renessansning poydevoridir. Bugungi dunyoda raqobat tobora keskin tus olmoqda. Toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida raqobatbardosh boʻlish faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish bilan bogʻliq.

Innovatsiya – bu bugun xohishga bogʻliq ixtiyoriy qaror emas. Bu – zaruriyat, davr talabi, mamlakat, jamiyatning taqdirini hal qiluvchi, hayot-mamot masalasidir. Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish, bundan tashqari, fanlararo integratsiyani rivojlantirish ziyolilar oldida turgan eng muhim vazifalar sirasiga kiradi.

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda YAIMning 50-70 foiziga yaqini yangi texnologiyalardan foydalanish orqali erishilayotganining oʻzi barcha sohani raqamlashtirish ahamiyatini koʻrsatib turibdi.

Innovatsion rivojlanishni taʼminlash uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish talab etiladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda oliy taʼlim qamrovini izchil oshirish, oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar sonini koʻpaytirish, ilmiy muassasalar mustaqilligini taʼminlashni taqozo etadi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, “axborot jamiyati” deb nomlangan ilgʻor mamlakatlar safiga kirmoqchi boʻlgan har qanday davlat oliy taʼlim qamrovini kamida 60-90 foizga chiqarishi talab etiladi. Misol uchun, Germaniya va Fransiyada fuqarolar uchun professional taʼlim muassasalarida taʼlim olish bepul taʼminlanadi. Fransiyada oliy taʼlimda bir oʻquv yili uchun toʻlov mamlakatda belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdoridan oshib ketishi mumkin emas. Buyuk Britaniyada kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun taʼlim muassasalarida bepul oʻqish imkoniyati hamda ijtimoiy taʼlim kreditlari bilan taʼminlash tartibi oʻrnatilgan. AQSHda bunday talabalarga koʻplab NNTlari va boshqalar tomonidan grantlar ajratish amaliyoti mavjud.

Bugungi kunda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud imtiyozlarni kelgusida ham saqlab qolish uchun mazkur qoʻshimchalar kerak. Iqtidorli yosh deganda faqat aʼlo baholarga oʻqiydigan yoki sport sohasida maʼlum bir yutuqlarga erishgan yoshlarimiz emas, balki tadbirkorlik, hunarmandlik yoki fermerlikda ham yaxshi natijalarga erishgan yoshlarimiz, oʻz sohasining ustasi boʻlgan yosh avlod eʼtibordan chetda qolmasligi aytilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoya Bosh qomusimizga kiritilsa, yigit-qizlarning muammolari hech qachon davlat idoralari kun tartibidan chetda qolmasligini kafolatlaydi.

Oʻylaymanki, ushbu tashabbus yangi Renessans bunyodkorlari boʻlmish iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar eshigini ochadi.

Mushtariy ORTIQOVA yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?