Iqlim inqirozi dunyo boʻylab oziq-ovqat narxining keskin oshishiga olib keladi — Tadqiqot

13:58 21 Iyul 2025 Jamiyat
319 0

Xalqaro olimlar guruhi 2022-yildan buyon ekstremal iqlim hodisalari oqibatida butun dunyo boʻylab oziq-ovqat narxlarining keskin oshganiga guvoh boʻlishdi. Bu haqida “Al Jazeera” nashrida maʼlumot berildi.

Olimlar ekstremal iqlim hodisalarining dunyo boʻylab oziq-ovqat narxlariga taʼsirini oʻrgangan tadqiqot xulosalarini eʼlon qildi. Mazkur tadqiqotda ekstremal iqlim hodisalari tufayli dunyo boʻylab guruch, makkajoʻxori, kakao, qahva, kartoshka va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi bilan bogʻliq holatlar kuzatilgan.

21-iyul kuni eʼlon qilingan tadqiqotda Gana va Kot-dʻIvuardagi jazirama toʻlqinidan keyin 2024-yil aprel oyida jahon boʻylab kakao narxining 280 foizga koʻtarilgani qayd etilgan. Shuningdek, 2022-yildagi suv toshqinlaridan soʻng Avstraliyada marul narxining 300 foizga oshganligi kuzatilgan.

Bildirilishicha, aksariyat hollarda dunyo boʻylab narxlarning koʻtarilishi jazirama issiqdan keyin sodir boʻlgan. Masalan, 2024-yil sentyabrida Janubiy Koreyada karam narxining 70 foizga, Yaponiyada guruch narxining 48 foizga, Hindistonda kartoshka narxining 81 foizga oshishiga havo haroratining keskin koʻtarilishi sabab boʻlgan.

Bundan tashqari, narxlarning oʻsishi qurgʻoqchilik bilan ham bogʻliq boʻlgan. Braziliyada 2023-yilgi qurgʻoqchilik, keyingi yilda jahon kofe narxlarining 55 foizga oshishiga olib kelgan. Efiopiyadagi qurgʻoqchilik sababli mamlakatdagi jami oziq-ovqat narxlari 40 foizgacha koʻtarilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasiga muvofiq, 2019-yildan 2030-yilgacha iqlim inqirozini keltirib chiqaradigan global chiqindilarni 2,6 foizga qisqartirish barcha hukumatlar oldidagi asosiy vazifa sifatida belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?