Investitsiya va eksport bilan shugʻullanmagan hokimlarning kelajagi yoʻq – Shavkat Mirziyoyev

21:26 24 Iyun 2021 Siyosat
929 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-iyun kuni investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirish, dolzarb loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida faol investitsiyaviy siyosat olib borilmoqda. 2017-yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion soʻm (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilgan. Shundan qariyb 27 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablagʻlar tashkil etadi.

Oʻzlashtirilgan investitsiyalarning deyarli 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga toʻgʻri keladi. Natijada, soʻnggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga oʻsgan.

Ushbu davrda 441 trillion soʻmlik 47 mingdan ziyod yirik, oʻrta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Shuningdek, soʻnggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion soʻm investitsiya yoʻnaltirilgan.

Yigʻilishda investitsiyalarning natijadorligi chuqur tahlil qilindi.

– Olib kelingan har bir dollar xalqimizga, hududlar va tarmoqlarga oʻzining ijobiy natijasini berishi kerak. Agar tumanlarda vaziyat oʻzgarganda edi, qancha ish oʻrni, qancha eksport boʻlgan boʻlardi. Investitsiya va eksport bilan shugʻullanmagan hokimlarning kelajagi yoʻq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga koʻra, ajratilgan har bir milliard soʻm evaziga Namanganda 12 ta, Andijonda 11 ta, Navoiy va Sirdaryoda 8-9 tadan yangi ish oʻrni yaratilgan. Bu koʻrsatkich Buxoro, Samarqand va Xorazmda 6-7 ta, Qashqadaryo va Fargʻonada 5 taga toʻgʻri kelgan. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa atigi 3-4 tani tashkil etgan.

Yoki yana bir tahlil: Toshkent viloyatiga soʻnggi 4 yilda yoʻnaltirilgan 950 million dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan. Yaʼni bir ish oʻrni 24 ming dollarga toʻgʻri kelmoqda. Vaholanki, Namangan viloyatida 2 baravar kam mablagʻ sarflanib, 52 mingta ish oʻrni ochilgan.

Shuningdek, 2 mingdan ziyod korxona past quvvatda ishlayotgani, ayrim tumanlarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etib oʻtildi.

Prezidentimiz tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir tuman va shaharda sanoat boʻyicha ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Masalan, hamma joyda mebellarga talab, ularni tayyorlashga sharoit bor. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori bu soha uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Nukus, Andijon, Oltinkoʻl, Romitan, Qarshi, Karmana, Pastdargʻom, Uzun, Bagʻdod, Oʻrta Chirchiq va Xonqa tumanlari, Jizzax, Qarshi, Namangan va Yangiyer shaharlari mebelsozlikka moslashtirildi. Ularda mebelsozlikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtiriladi va kamida 7,5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bundan tashqari, yurtimizdagi 5 mingdan ziyod mebel korxonasidan 1 ming 500 tasi xonadonlarda joylashgan. Endi ularni sanoatlashtirish, mahsulotlarni va ish oʻrinlarini yana-da koʻpaytirish mumkin.

Bunday ishlarni charm-poyabzal, elektr texnikasi, toʻqimachilik, farmatsevtika, zargarlik, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati sohalarida ham amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Joriy yilda charm-poyabzal sanoatida 202 million dollarlik 112 ta loyiha, elektr texnikasi tarmogʻida 140 million dollarlik 45 ta loyiha, farmatsevtika yoʻnalishida 146 million dollarlik 36 ta loyihani oʻz vaqtida ishga tushirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Yigʻilishda boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Oxirgi yillarda 11 mingta shunday korxona faoliyati tiklangani aytib oʻtildi.

Jumladan, sobiq “Andijon Mash” korxonasi negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, 24 ta yangi korxonada mingdan ziyod ish oʻrni yaratildi. Toshkent shahridagi “Texnopark”, Fargʻonadagi “Mexanika zavodi”da ham bunga misol boʻla oladi.

Shu bilan birga, bugungi kunda boʻsh turgan va past quvvatlarda ishlayotgan yana 19 mingta obyekt bor. Mutasaddilarga ularni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, elektron platformasini yaratish, tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalarni amalga oshirishga yordam berish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda umumiy qiymati 6 milliard 500 million dollarlik 226 ta yirik tarmoq va hududiy loyihalar ishga tushirilishi, 35 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishi moʻljallangan. Yigʻilishda ularning ijrosi ham koʻrib chiqildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalar koʻrsatib oʻtilib, ularni oʻz vaqtida ishga tushirish choralari belgilandi.

Davlat tashqi qarzi ishtirokidagi loyihalar samaradorligini oshirish lozimligi alohida taʼkidlandi. Tenderlar ochiq-oshkoraligini taʼminlash va loyihalarni maqbullashtirish orqali mablagʻlarni iqtisod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumki, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar iqtisodiyot rivojida juda muhim oʻrin tutadi. Joriy yilda 756 ta loyiha doirasida 7 milliard 700 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan kreditlarni oʻzlashtirish belgilangan.

Davlatimiz rahbari bu mablagʻlarni tarmoq loyihalari va hududiy loyihalarga jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yigʻilishda eksport boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining bajarilish holati ham muhokama qilindi. Bu boradagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, bozor konyunkturasi tufayli yuzaga kelgan qoloqliklarni boshqa tarmoqlar va qoʻshimcha mahsulotlar eksporti hisobiga qoplash muhimligi qayd etildi.

Videoselektorda Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari soʻnggi 4 yilda jalb qilingan investitsiyalar samadorligi hamda kelgusidagi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?