Investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi vazifalar belgilandi

20:10 18 Yanvar 2024 Siyosat
383 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-yanvar kuni 2024-yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Bunga faqat ichki bozor bilan erishib boʻlmaydi, asosiysi – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni koʻpaytirish zarur.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilish avvalida ushbu sohalardagi ishlar holati, mutasaddilarning faoliyati koʻrib chiqildi.

Soʻnggi olti yilda yurtimizga xorijdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgan. Oʻtgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga oʻsgan.

Biroq tovarlar eksportida oʻsish boʻlmagan. Mamlakatimiz sertifikatlarini tan olish boʻyicha xorijiy sheriklar bilan ishlar lozim darajada tashkil etilmagan. Xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi 480 million dollarlik 5 ta loyiha boʻyicha oʻzlashtirish boshlanmagan. Hududlarda moliyalashtirilishi toʻliq yakunlangan 8 trillion soʻmlik qariyb mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.

Faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari B.Abidov, Texnik tartibga solish agentligi direktori D.Sattarov, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori M.Mirzayev lavozimidan ozod qilindi. Yana bir qator rahbarlarga intizomiy choralar koʻrilishi aytildi.

Umuman, investitsiya kompleksiga kiruvchi barcha vazir va hokim oʻrinbosarlari faoliyatiga samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) joriy etilishi belgilandi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari sohadagi kamchiliklarni aniq tahlillar asosida koʻrsatib oʻtdi.

Masalan, oʻtgan yili 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022-yilga nisbatan eksport hajmlari kamaygan. Eksportning 50 foizi hanuzgacha 4 ta bozorga toʻgʻri kelmoqda. Yoki xorijga tovarlarning uchdan bir qismi xomashyo sifatida sotilmoqda.

Oʻzbekiston “GSP+” tizimiga qoʻshilib, Yevropaga 6 ming 200 turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish imkoniyatiga ega boʻlsa-da, oʻtgan yili bu tizim doirasida bor-yoʻgʻi 384 turdagi tovarlar eksport qilingan. Meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, bundan toʻliq foydalanilmagan.

Aslida, mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borish zarur.

Prezidentimiz bu boradagi muhim vazifalarga toʻxtalib, tuzilmaviy islohotlarni maʼlum qildi.

Xususan, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining tizimi, ish uslubi va yondashuvlari toʻliq oʻzgaradi. U yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirishga ham masʼul boʻladi.

Soʻnggi yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportida talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar toʻliq raqamlashtirildi. Lekin haligacha chegarada bu jarayon 4 ta idora tomonidan nazorat qilinayapti. Shu bois, chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qoʻmitasiga oʻtkazilishi belgilandi.

Koʻplab korxonalarimizda xalqaro sertifikat yoʻqligi uchun global logistika zanjirlariga qoʻshila olmayapti. Iqtisodiyotning drayver sohalarida xalqaro standartlarni joriy qilish darajasi 35 foizga ham yetmaydi.

Shuning uchun Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyati toʻliq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga oʻtkaziladi. Mutasaddilarga korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini koʻpaytirish, salohiyatli davlatlar bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish boʻyicha kelishuvlarga erishish vazifasi qoʻyildi.

Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportyorlarni qoʻllab-quvvatlashga 800 milliard soʻm yoʻnaltirilmoqda. Lekin berilgan mablagʻlar, har doim ham, qoʻshilgan qiymatli mahsulot va eksport manbaiga aylanmayapti.

Shu bois endi eksportni qoʻllab-quvvatlash tizimi ham oʻzgaradi. Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, Jahon savdo tashkiloti talablari asosida, Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi. Bu kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi reyting asosida, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi.

Mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish, tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda investitsiyalar samaradorligi va galdagi rejalar ham muhokama qilindi.

Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz sanoatiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshgan. Yoki soʻnggi uch yilda xorijdan 14 milliard dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan.

Lekin sanoat koʻrsatkichlari, yaratilgan ish oʻrni va qoʻshilgan qiymat shunga yarasha oshmagan. Qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxona va uskunalar eksport natijasiga taʼsir koʻrsatmagan. Loyihalar samaradorligi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotgani tanqid qilindi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oʻtgan yili baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik va ipakchilik tarmoqlarida, Samarqand va Toshkent shaharlarida, shuningdek, 12 ta tuman va shaharda investitsiyalar hajmi nisbatan kamaygan. Ayrim viloyatlarda xorijiy tashriflar va xalqaro koʻrgazmalar chogʻida kelishilgan investitsiya loyihalarining ijrosi sust.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga bu loyihalarni alohida nazoratga olib, jadallashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishdagi yana bir mavzu sanoat ishlab chiqarishini koʻpaytirish haqida boʻldi.

Buning uchun yurtimizda 24 ta maxsus iqtisodiy zona tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratilishi, soliqdan imtiyozlar belgilangan. Lekin bu imkoniyatdan toʻliq foydalanilmayapti. Masalan, respublika boʻyicha bunday hududlarning infratuzilmasi bor 800 gektar maydoni boʻsh turibdi.

Shu bois iqtisodiy zonalarni rivojlantirish boʻyicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.

Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihani amalga oshirib, 40 mingta ish joyi yaratish mumkinligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahalliylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Vazirlar Mahkamasiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qoʻyildi. Jumladan, talab yuqori boʻlgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotini yurtimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, oziq-ovqat korxonalarida xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bunday imkoniyatlar charm sanoatida ham bor. Masalan, aholimizda avtomobil oʻrindigʻi jildlari, sport buyumlari, poyabzal va ayollar sumkasiga talab koʻp. Shundan kelib chiqib, tarmoq rahbarlariga hududlarda loyihalarni shakllantirish topshirildi.

Mahalliylashtirish faqat tovarlar emas, xizmatlarda ham boʻlishi kerak. Xususan, oxirgi besh yilda energetika, neft-gaz va metallurgiya sohalarida katta zavodlar ishga tushdi. Bunday majmualardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash boʻyicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortib bormoqda.

Shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasiga yirik korxonalarga servis koʻrsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʻyicha vazifa qoʻyildi.

– Har bir rahbar fidoyi boʻlib, vatani va xalqini sevib, tizimi bilan birga oʻz vazifalarini vijdonan bajarsa, biz qoʻyayotgan marralarga albatta erishsa boʻladi, – dedi Prezident.

Yigʻilish yakunida investitsiya kompleksi rahbarlari, vazirlar va hokimlar joriy yildagi rejalari boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер