Internetga diniy aqidaparastlik mazmunidagi turli materiallarni joylashtirgan 18 yoshli yigitga jazo tayinlandi

15:09 30 Noyabr 2020 Jamiyat
230 0

Ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun oʻziga xos bilim manbai ekanligi yaxshi, albatta. Ammo undagi maʼlumotlar hamisha ham aniq manbaga ega emas. Ayniqsa, telefon orqali internet tarmogʻi maʼlumotlaridan foydalanganda ehtiyotkorlik zarur. Chunki bugungi kunda global tarmoqlar baʼzi gʻaraz niyatlilarning “qurol”iga aylangan.

Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida istiqomat qiluvchi A. S. 18 yoshda boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarga boʻlgan kuchli qiziqishi sababli yoshiga munosib boʻlmagan ishlarga qoʻl urdi. U telegram ijtimoiy tarmogʻida alohida guruh tashkil etib, diniy aqidaparastlik mazmunidagi turli materiallarni joylashtirdi. Oʻz faoliyatini kengaytirish va oʻquvchilari sonini oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarning manbasi aniq boʻlmagan diniy materiallarni eʼlon qilib bordi. Bu borada hatto otasining telefonidan ham foydalandi.

U oʻzi tashkil etgan “Musulmon birodarla” nomli telegram guruhga diniy mazmundagi adabiyotlarni muntazam ravishda joylashtirib borgani sudga oid adabiyotshunoslik ekspertizasi xulosasida ham tasdiqlandi. Tabiiyki, bu mazmundagi materiallarni mamlakatimizga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan.

Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Beshariq tuman sudi tomonidan ushbu holat boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga hukm oʻqildi. Sud A.S.ning qilmishidan pushaymonligi va yosh ekanligini hisobga olib, unga nisbatan ozodlikni cheklash bilan bogʻliq jazo chorasi tayinlandi.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?