Internetda tarqalgan video sabab Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi masʼullariga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

03:56 22 Iyul 2021 Jamiyat
170 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi shifoxonaning shart-sharoiti sanitariya talablariga javob bermasligi aks etgan video tarqaldi. Mazkur holatni oʻrganib chiqqan viloyat prokuraturasi tuman tibbiyot birlashmasi masʼullariga jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, viloyat prokurori Erkaboy Tojiyev topshirigʻiga koʻra, viloyat prokurori oʻrinbosari Alisher Mirzayev rahbarligidagi ishchi guruh videodagi holatni oʻrganib chiqqan.

«Oʻrganish natijalariga koʻra, Shahrisabz tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasining oshxona va omborxona qismlarida oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi, tayyorlanishi, bino ahvoli sanitariya talablariga javob bermasligi maʼlum boʻldi. Shundan soʻng, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi tomonidan shifoxona bosh shifokori B.Sanayev, ombor mudiri J.Rahmatov, oshxona bekasi L.Badiyevalar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 53-moddasi (sanitariya qonunchiligini buzish) bilan javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlariga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v» «g» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan talon-taroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, jinoyat ishi doirasida, yuqumli kasalliklar shifoxonasida amalga oshirilgan qurilish taʼmirlash ishlari nazorat oʻlchovidan oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?