“International Job Organization – xususiy bandlik agentligi” MCHJdan jabr koʻrganlarga mablagʻlari qaytarib beriladi

17:53 14 Sentyabr 2021 Jamiyat
571 0

Arxiv surat

“International Job Organization – xususiy bandlik agentligi” MCHJdan zarar koʻrgan fuqarolarga mablagʻlari qaytarib beriladi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Majburiy ijro byurosi axborot xizmati tomonidan maʼlum qilindi.

Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpoʻlatovning ma`lum qilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 15.06.2021-yildagi ijro varaqasiga asosan “International Job Organization – xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari Sh.Abdurahmonov va boshqalarning jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov organi tomonidan xatlangan 1,9 mlrd. soʻm pul mablagʻlari hamda jami 13,7 mlrd. soʻmlik mol-mulklarni 1.300 nafar undiruvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi ish yurituviga kelib tushib, ijro ishi qoʻzgʻatilgan.

Ijro harakatlari davomida xatlangan pul mablagʻlarini Byuroning Toshkent viloyati boʻlimi depozit hisob raqamlariga oʻtkazish yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilinib, ushbu pul mablagʻlari depozit hisob raqamida jamlangan.

Hozirda mazkur xususiy bandlik agentligidan jabrlangan 299 nafar fuqarolar murojaat qilib, oʻzlariga tegishli hisob raqamlar haqidagi maʼlumotlarni taqdim qilishgan.

Ariza topshirgan fuqarolardan jami 484 nafar fuqarolarga 1,1 mlrd. soʻm taqsimlangan pul mablagʻlari oʻtkazilishi taʼminlandi.

Jamiyatdan jabr koʻrgan fuqarolarimizning aksariyati viloyatlarda yashashligini inobatga olib, ularga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida, ishchi guruhga +998 33 086-61-31 raqamiga Telegram messenjeri  orqali jabrlanuvchilar haqidagi (pasport nusxa, plastik kartochka, bank rekvizitlari va iltimosnoma) maʼlumotlarni yuborishingiz soʻraladi.

Bundan tashqari, bevosita Byuroning Toshkent viloyat boshqarmasiga haftaning dushanba — juma kunlari soat 09-00 dan 18-00 ga qadar kelib murojaat qilishlari hamda qoʻshimcha maʼlumot uchun 71-231-68-89 va 71-263-53-13 raqamlari orqali bogʻlanish mumkinligi maʼlum qilinadi.

Shuningdek, jabrlangan oʻz mablagʻlarini olish uchun hududiy MIB boshqarmalariga ham murojaat etishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?