Intellektul mulk huquqi taʼminlanadi

22:06 08 Avgust 2022 Jamiyat
333 0

Bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir davlat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishga katta eʼtibor berilmoqda.

Intellektual mulkni ragʻbatlantirishga doir normalar Asosiy qonunimizdan ham oʻrin olgan. Xususan, amaldagi Konstitutsiyamizning 36-moddasida “Har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli. Bankka qoʻyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi” deb belgilab qoʻyilgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ushbu moddasiga “Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqqa ega” degan norma kiritilmoqda.

Bosh qomusimizning avvalgi tahririda moddiy mulk nazarda tutilgan boʻlsa, taklif etilayotgan tahrirda moddiy mulk bilan bir qatorda intellektual mulk ham nazarda tutilyapti.

Albatta, yurtimizda “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni ham bor. Ushbu qonunning ishlash mexanizmlarini tashkil etuvchi hukumat qarorlari ishlab chiqilgan va imzolangan.

Endi qonunlarda aks etayotgan intellektual mulk masalasi Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlanmoqdaki, bu birinchidan, intellektual mulkning yaratuvchisi boʻlgan olimlar, ixtirochi va ijodkorlarning haq-huquqlarining himoyasi boʻlsa, ikkinchidan, ular yaratgan intellektual mulkka boʻlgan adolatli munosabatdir.

Zero, dunyo boʻyicha eng qimmatbaho mulk – bu intellektual mulkdir. Zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Nomoddiy aktivlar ulushi 1975-yilda 17 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda 90 foizga koʻtarilib, ularning taxminiy qiymati 21 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.

Hozirgi kunda intellektual mulk Yevropada YAIMning 45 foizini, Xitoyda 12 foiz, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. Lekin Oʻzbekistonda intellektual mulkni tijoratlashtirish darajasi juda past. Ushbu huquqni Konstitutsiyaviy darajada eʼtirofini amalga oshirmasdan turib, samarali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash qiyin.

Kelajakda biz uchun eng koʻp foyda keltiradigan jihat ham ayni shudir. Sababi kelgusida bizning intellektual mahsulotlarimiz, ixtirolarimiz dunyo bozorlarini egallashi kerak. Agar olimlarimiz tomonidan yaratiladigan ixtirolar jahon ilmiy maydonlarining markazidan joy egallasa va butun jahon ulardan ilmiy-texnik taraqqiyot yoʻlida foydalansa, mamlakatimiz uchun bu narsa oddiy obroʻ-eʼtibor emas, balki ulkan darajada manfaat keltiradi.

Umuman olganda, bugungi zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini taʼminlash gʻoyat muhim. Konstitutsiyamizdagi ushbu oʻzgarish kelgusida intellektual mulk obyektlarini (ixtirolar, asarlar) koʻproq yaratishga zamin yaratadi.

Oydin ABDULLAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?