Insonning shaxsiy hayoti daxlsizligi taʼminlandi

12:45 27 Dekabr 2024 Jamiyat
216 0

Yakunlanayotgan yil “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini amalda toʻla namoyon etgani bilan ham yodda qolmoqda. Ushbu tamoyil xalq Konstitutsiyasi deya eʼtirof etilgan yangi tahrirdagi Bosh Qonunimizda qatʼiy belgilandi. “Inson qadrini ulugʻlash” gʻoyasi asosida islohotlar yanada jadallashtirildi. Har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatlash, sifatli taʼlim va tibbiy xizmat, bolalar, xotin-qizlar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, muhtojlar bandligi, uy-joy bilan taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini kafolatlash kabi ezgu amallarda boʻy koʻrsatdi.

Dastlab, 2024-yilda Respublikadagi 208 ta tuman (shahar)larda “Inson” markazlari va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tadbirlar doirasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 100 dan ortiq xizmat koʻrsatish tizimi yaratildi.

Ushbu xayrli amallar birgina Surxondaryo viloyatidagi yuzlab oilalarga quvonch olib kirdi. Xususan, yilning oʻtgan davrida mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan 4 ming 259 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar aniqlandi. Ular orasida nogironlik belgilanmaganlar 1 ming 310 nafar, protez vositalariga muhtojlar 1 ming 81 nafar, vasiylik va homiylik belgilanmaganlar 504 nafar, oʻzgalar parvarishiga muhtojlar 72 nafarni tashkil etadi. Ehtiyojmand 166 nafar aholining bandligi taʼminlandi, 118 nafar yolgʻiz keksaning birlamchi hujjatlari tiklab berildi. “Keys menejment” asosida ijtimoiy xodimlar tomonidan 8 ming 748 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga keyslar ochilib, 8 ming 330 tasida baholash yakunlandi.

Joriy yilda 1 ming 211 ta protez ortopediya moslamalari, 4 ming 941 ta reabilitatsiya texnik vositalari, jumladan, 287 nafar fuqaro elektron yuritmali nogironlar aravachasi bilan taʼminlandi. Quvonarlisi, RTV va POM mahsulotlari bilan taʼminlangandan soʻng 4 ming 186 nafar fuqaroning jismoniy harakatlanishi barqarorlashdi. 915 nafar fuqaro kasb faoliyatlarini davom ettirishiga yengillik yaratildi.

Yil davomida reabilitatsiya markazlarida 2 ming 884 nafar nogironligi bor shaxs davolanib, shundan, 453 nafarining nogironlik guruhi yengillashtirildi. 231 nafar nogironligi boʻlgan shaxs toʻliq sogʻlomlashtirildi.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda viloyat boʻyicha 12 ming 076 ta oilada soʻrovnomalar oʻtkazilib, skoring natijalariga koʻra, 9 ming 226 ta oila “Kambagʻallik reyestri”ga kiritildi. Mazkur reyestrga kiritilgan oilalarga 4 ming 653 ta individual dastur tuzilib, 26 ming 573 ta xizmat biriktirildi.

Bunday statistik raqamlarni yana koʻplab keltirish mumkin. Muhimi, Yangi Oʻzbekistonda bir yilning oʻzida davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalari qariyb uch baravarga ortdi. “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili amalda oʻz isbotini topmoqda.

Muhiddin TOGʻAYEV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер