Insoniyat yaratgan moʻjiza

18:10 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
335 0

Foto: Xalq so‘zi

Qaysidir yili yaponlar maktab oʻquvchilari oʻrtasida “insoniyat yaratgan moʻjiza” mavzusida soʻrov oʻtkazishgan ekan. Kimdir kosmosning zabt etilishini aytsa, boshqa birovlari esa kompyuter, gadjet va hakoza texnika taraqqiyotida erishilgan yutuqlarni sanashibdi. Biroq, hech kim kutmagan javobni berib, “insoniyat yaratgan moʻjiza bu kitobdir” degan oʻquvchi tanlovda gʻolib, deb topilibdi.

Haqiqatan ham insoniyat oʻz taraqqiyotida erishgan yutuqlarni kitobsiz tasavvur etish mushkul. Kitob hamma davr va barcha xalqlarning eng ulkan kashfiyoti sifatida oʻzining moʻjizakor va sehrli kuchi bilan necha-necha avlodlarga maʼnaviyat va maʼrifat ziyosi tarqatib kelmoqda. Shu ziyo yogʻdusidan taraqqiyot odimi ildamlab, bir olim, bir mutafakkir, bir alloma butun umrini bagʻishlab, yaratgan yangiligi, tafakkuri, kitob orqali bugungi avlod ongu-shuuridan joy olmoqda. Ahli donishning “Kitob hayotning eng olis va qorongʻu yoʻllariga nur baxsh etgan afsonaviy chiroqdir», degan taʼrifida ayni hikmatlar mujassam.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholini, ayniqsa yoshlarni kitobga oshno etish maqsadida kitobxonlikni targʻib qilish bilan birga, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, kitobxonlikda erishilgan yutuqlarni ragʻbatlantirish borasida qator ibratli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlar doirasida aholining koʻzi ojiz qatlami manfaatlari ham tizimli ravishda himoyalanib, Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-sentyabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga koʻra birgina Navoiy viloyatining Nurota va Xatirchi tumanlarida joriy yil viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasining filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

— Kutubxonamizga 1973-yil asos solingan, — deydi kutubxona direktori Baxtiyor Abdullayev. — Respublikamiz Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2007-yilning 1yanvaridan boshlab viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasi maqomi berilgan.

Muassasamiz koʻzi ojiz kitobxonlar bilan birgalikda aholining barcha qatlamiga ham birday xizmat koʻrsatadi. Kitobxonlarga 4 turdagi, yaʼni brayl nuqtali yozuvidagi kitoblar, yassi harfli, gapiruvchi hamda elektron disk shaklidagi kitoblar orqali xizmatimizni taklif etamiz. Kitob fondimiz 24333 dona boʻlib, shundan brayl nuqtali yozuvidagi kitoblar 5448 ta, yassi harfli adabiyotlar 15495, gapiruvchi adabiyotlar 2646, elektron disklar 744 donani tashkil qiladi.

Qoʻshimcha qilish joiz, Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-sentyabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga koʻra 250 nafar koʻzi ojiz nogironligi boʻlgan shaxslar yashaydigan tuman (shahar)larda yangi koʻzi ojizlar kutubxonasi filiallari tashkil etish belgilangan. Shu asosda bugun viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasining jami 5ta, yaʼni Navoiy shahri hamda Qiziltepa, Navbahor, Nurota, Xatirchi tumanlarida filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Shu bilan birga chekka hududlarda yashovchi koʻzi ojiz kitobxonlar uchun 2022-yilda 24 ta koʻchma kutubxona xizmati yoʻlga qoʻyildi, — deydi kutubxona direktori oʻrinbosari Bobir Ergashev. — Yoshi ulugʻ imkoniyati cheklangan kitobxonlarning xonadonlariga kutubxona xodimlari tomonidan kitob bilan birga bosma matbuot va audio yozuvidagi disklar yetkazilib berilmoqda. Shuningdek, koʻzi ojiz nogironlarga zamonaviy, qulay kutubxona xizmatini koʻrsatish maqsadida kutubxonamizda maxsus xona ajratilib, unda kitobxonlar uchun kutubxona fondidagi barcha audio kitoblarning elektron nusxalari tushirilgan 2ta kompyuter jamlanmasi oʻrnatilgan. Kompyuterlar maxsus JAWS dasturi, internet tarmogʻi hamda quloqchinlar bilan taʼminlangan.

Shuningdek, ziyo maskanida yil davomida muhim sanalarga bagʻishlab uchrashuvlar, shoir va yozuvchilarning tavallud kunlari munosabati bilan adabiy-badiiy kechalar, davra suhbatlari, ijodkor yoshlar oʻrtasida koʻrik tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda.

— Respublika Madaniyat, Xalq taʼlimi hamda Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarining qoʻshma qarorlari bilan tasdiqlangan Nizom asosida, nogironligi boʻlgan kitobxonlar oʻrtasida “Eng yaxshi kitobxon oila”, «Brayl yozuvida tez va ifodali oʻquvchi kitobxon», “Eng faol kitobxon” koʻrik-tanlovlari tashkil etilib, gʻoliblarimiz Respublika bosqichlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda, — deydi Baxtiyor Abdullayev.  — Xususan, mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 18-aprelidagi kuni “Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda taʼlim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy shahridagi Nurli maskan ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilar oʻrtasida kitobxonlik bellashuvi oʻtkazildi. Unda turli yoshdagi maktab-internat oʻquvchilarining ijodiy qobiliyatlari sinovdan oʻtkazilib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan diplom va kitoblar toʻplami bilan mukofotlandi.

Kitob — insonning eng yaqin doʻsti, maslahatchisi ekan, uni qadrlash, oʻqishga ishtiyoq uygʻotish orqali imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni faollikka jalb etish eng savobli tadbirlardan boʻlib, uning samarasi moʻjizalarga har doim yoʻl ochadi.

Temur ESHBOYEV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?