Insonga eʼtibor va taʼlimni yuksaltirish oʻqituvchilarga munosabatda yaqqol namoyon boʻlmoqda

14:18 24 Yanvar 2023 Jamiyat
289 0

Insonga eʼtibor — butun xalqqa, jamiyatga, mamlakatga eʼtibor demakdir. Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash odamiylikning eng oliy mezoni. Davlatimiz rahbari tomonidan prezidentlik faoliyatining ilk davridan boshlab xuddi shu shior ostida amalga oshirilayotgan ishlar bugun yangi bosqichda davom etmoqda. Yurtboshimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasini tinglagan kishi borki, buni yanada teran anglaydi.

2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinganda koʻpchilik ziyolilar ruhlandi. Zero, yilning nomlanishida ulugʻ niyat — yurtdoshlarimizning buguni va ertangi farovon hayotiga daxldor maqsadlar aks etgan.

Davlatning ham, jamiyatning ham taraqqiyoti inson omiliga bogʻliq ekan, uning saviyasini, bilim va salohiyatini yuksaltirish eng dolzarb masalaga aylanadi.

Prezidentimiz yurtimiz boʻylab qaysi korxona yoki tashkilotda boʻlmasin, mutasaddilar bilan uchrashmasin, albatta, uchta soʻzni takrorlashi va talab etishi bejiz emas. Bular — sifat, samara va natijadorlik. Har bir qilingan harakatning natijasi, samarasi sifatga bogʻliqligi ayon. Mana shu sifatni esa yaxshi taʼlim olgan yetuk kadrlar taʼminlaydi. Demak, Prezidentimiz maʼrifatparvar jadid bobolarimizning soʻzlari bilan eʼtirof etgani kabi “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.

Taʼlim berishning ham oʻziga xos mashaqqati, rohati, muhim usul va uslublari bor. Bilish boshqa, uni yetkazish va unga amal qilish boshqa. Chunki ilmu amal birlikda boʻlmasa, samara haqida gap boʻlishi mumkin emas. Sifatli taʼlim masalasi, avvalambor, intellektual salohiyatga ega, zamonaviy bilim, texnologiyalar bilan qurollangan, teran tafakkurli, dunyoqarashi keng muallimga bogʻliqdir.

Oʻqituvchi koʻp bilimga ega, axborot texnologiyalarini obdan oʻrgangan, turfa tillarni egallab, xorij sertifikatlarini olgan, hatto boʻyi barobar kitobu ilmiy maqolalar yozgan boʻlsa ham, hali bu taʼlimning sifati va samarasi degani emas. Bu masalaning bir tomoni, xolos. Oʻqituvchi bolalarga oʻz bilimini qanchalik yetkazib bermoqda, bu jarayonda qanday usul va uslublardan foydalanmoqda, oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini tahlil etib boryaptimi, jarayonda paydo boʻlayotgan muammolarni qay darajada samarali hal etyapti? Taʼlimning sifati mana shu savollarga bekamu koʻst javob topishni taqozo qiladi. Buning uchun muallim jahon miqyosidagi eng soʻnggi sohaviy yangiliklar va bilimlarni puxta oʻrganib borishi, malakali oʻqituvchilar tajribasini muntazam oʻzlashtirishi, xorijlik yetuk mutaxassislar bilan hamkorlik rishtalarini bogʻlashi lozim.

Murojaatnomada taʼlim haqida, ilmning qiymati, olimning oʻrni, muallimning rutbasi haqida dolzarb mulohazalar bildirildi. Maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi, oʻrta maxsus va oliy taʼlim uzviy, bosqichma-bosqich ravishda biri-birini toʻldiradigan, boyitadigan boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbarining “Taqdirimizni muallim va murabbiy hal qiladi”, degan eʼtirofini pedagoglarimiz nihoyatda sergaklikka, oʻz ustida har qachongidan koʻproq ishlashga daʼvat oʻlaroq qabul qilishi kerak. Bugunning oʻqituvchisi, avvalo, oʻz salohiyatini muntazam ravishda boyitib borishi va zamonaviy taʼlim uslubini namoyon qila olishi shart, deb bilaman.

Bugun oʻqituvchi qadri, nufuzi yuksalayotgan, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish tizimi izchil takomillashtirilayotgan muhim jarayonlarni boshdan kechiryapmiz. Mana shu eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan har bir oʻqituvchi faxr-iftixor tuyushi bilan birga, ularga munosib boʻlishga intilishi — davr talabi. Pedagoglar bugunning yoshlari hayoti va talabiga javob bera oladigan oʻquv metodikasi bilan ishlashi lozim. Ochigʻi, eski, zamon ruhiga mos boʻlmagan bilimlarni beraversak, bugungi tarixiy imkoniyatni qoʻldan boy beramiz. Biz mamlakat ertasini kamolga yetkazyapmiz, yurtdoshlarimiz ziyoli qatlam deya ortimizdan ergashmoqda. Ana shu masʼuliyat, zalvarli vazifa yuki har birimizni doim sergak torttirishi shart.

Bugunning oʻqituvchisi yangicha fikrlaydigan, yoshlar hayotidan uzilmagan, oʻz sohasining kelajak taraqqiyotini teran tahlil eta oladigan, asosiysi, navqiron avlod koʻngliga yoʻl topa oladigan haqiqiy muallim — ziyoli boʻlish kerak. Aslida, Prezidentimiz taʼlim sohasi vakillaridan kutayotgan va talab qilayotgan muhim vazifa ham aynan shudir.

Bilimlarni oʻrgatish bilan birga, ulardan samarali foydalanmaslik anʼanasiga ham barham berish vaqti keldi. Bogʻchadanoq oʻgʻil-qizlarning qobiliyatiga tashxis qoʻyish, qiziqishini aniqlab, shu yoʻnalishga boshqarish maqsadga muvofiq. Maktab davridan boshlab oʻquvchilar salohiyatidan samarali foydalanib, innovatsiyalar yaratish, egallagan bilimini aynan shu layoqatga yoʻnaltirishga oʻrgatish kerak. Hozir iqtidori, qiziqishidan qatʼi nazar, bolalar bir xil dastur asosida oʻqitiladi. Buning oʻrniga yuqori sinflar oʻquvchilari qobiliyatiga mos soha va yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim olsa, ishlasa, darsga ham, ishga ham zavq-shavq bilan boradi. Samarali aqliy mehnati bilan jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.

Oilada, bogʻcha, maktablarda aqliy mehnat bilan shugʻullanadigan bolaning miyasi yaxshi ishlashi uchun qanday zarur sharoit boʻlsa, barchasi hozirlanishi lozim. Bunga erishish uchun oila va taʼlim muassasalarida bolalarni tarbiyalash va oʻqitish jarayonlari bilan birga ularni yaxshi parvarishlash, sifatli ovqatlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratish ayni muddaodir. Shu bois oʻtgan yili Qoraqalpogʻiston va Xorazmda yoʻlga qoʻyilgan boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqatlantirish tizimining kelgusi oʻquv yilidan boshlab qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi, buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratilishi barchamizni juda quvontirdi.

Muallimlar ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib bersagina, taraqqiyot yoʻlidagi koʻplab toʻsiqlar bartaraf etiladi. Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar tajribasi shundan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bizda ham mutasaddilar, ziyolilar taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilishi, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha masalalarni birgalikda hal etishi kerak. Demakki, butun eʼtiborni yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratishimiz lozim.

Yoshlarga taʼlim berish bilan birga, tarbiyaning ham uygʻunligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, pedagoglarning maʼnaviy-ruhiy dunyosini boyitishiga imkoniyatlarni yanada kengaytirish talab etiladi. Buning uchun ularga boʻsh vaqt yaratib berish, uni mazmunli oʻtkazishiga sharoitlar hozirlash zarur. Taassufki, farzandlarimiz kelajagiga masʼul insonlar yillar davomida oʻqitishdan tashqari boshqa ishlarga keng jalb qilib kelindi.

Eslasak, oʻquv yili ibtidosi muallimning yozilmagan yillik ish rejasida paxta mavsumining boshlanishini anglatardi. Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni oʻqituvchi oʻz oʻquvchilari bilan birga “yollanma terimchi” sifatida dalada oʻtkazardi. Bahor boshlanishi bilan yana dala yumushlariga jalb qilinardi. Bundan tashqari, obodonlashtirish, aholidan kommunal toʻlovlarni yigʻish, qurilish ishlarida ham “dastyorlik” oʻqituvchilarning zimmasida edi. Bu xizmatlari uchun esa arzimagan maosh toʻlanardi. Muallimning obroʻyi, shaʼni, qadri haminqadar baholangani tufayli, aksariyat oʻqituvchilar ishini tashlab, boshqa sohaga oʻtib ketdi. Tizimda erkak oʻqituvchilar deyarli qolmadi. Taʼlim sifati va samaradorligi, oʻqituvchilarning sifat tarkibi ham shunga mutanosib edi.

Shukrki, 2017-yil sentyabrdan boshlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan, barcha oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari, maktab, litsey, kollej pedagoglari va oʻquvchilari zudlik bilan paxta dalalaridan oʻqishga qaytarildi. Nihoyat majburiy mehnatga chek qoʻyildi, paxta qulligidan qutuldik. Oʻqituvchi barcha ortiqcha yumushdan ozod etildi. Uning oldida faqat yosh avlodni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash vazifasi qoʻyildi.

Ayni paytda mashaqqatli va sharafli kasb sohiblarining maʼnaviy hordiq chiqarishi, kitob oʻqib, tafakkurini oʻstirishi, yaxshi dam olib, ruhan tetiklashishi, maʼnan yuksalishiga barcha shart-sharoit muhayyo qilinmoqda. Pedagoglarning haq-huquqlari himoyasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ularning qadrini oshirish borasida tegishli ishlar bajarilmoqda. Murojaatnomada taklif etilganidek, oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishning Konstitutsiyada alohida belgilab qoʻyilishi olib borilayotgan ishlarni yanada yuqori darajaga olib chiqadi.

Mamlakatimizda oʻqituvchilarga vazifasidan tashqari ish yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va tez orada qabul qilinishi kutilmoqda.

Pedagoglar mehnatining qadrlanishi, eʼzozlanishi, ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishi ularning kuchiga kuch qoʻshmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda pedagoglar oylik maoshining 1,5 barobar oshirilgani soha vakillarini nihoyatda xursand qildi.

Ilm-fan bilan shugʻullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar yaratish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz saʼy-harakati har qancha tahsin va ragʻbatga munosib. Shuning uchun ham oʻtgan olti yilda ilm-fan sohasini moliyalashtirish toʻrt karra koʻpaydi. Ilmiy xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida ularning ish haqlari uch barobar oshirildi. Fan doktori va nomzodlari uchun alohida ustama haq belgilandi.

Ana shu eʼtiborga munosib tarzda bugun oʻqituvchi oʻz sohasining bilimdoni boʻlishi lozim. Endi oʻqituvchilarni diplomi boʻyicha band qilish emas, bilimi, mahorati va saviyasini inobatga olib ishga olish zarur. Pedagogning mavqeini koʻtarish deganda, masʼuliyatini ham oshirish nazarda tutiladi. Zamon talabiga javob beradigan innovator kadrlarni tayyorlash uchun birinchi galda muallimning oʻzi ham yangilikka intiluvchan boʻlishi kerak.

Yana bir mulohaza. Taʼlim nafaqat davlatning, balki butun xalqning diqqat markazida boʻlsagina sifat va samaradorlikka erishish mumkin. Birinchi galda bu masalaga ota-onalarning eʼtibori oshishi darkor. Chunki maktabda ularning kelajagi tarbiyalanmoqda. Shuningdek, maktabga faqat moddiy yordam emas, balki maʼnaviy koʻmak, ragʻbat, mehr berib turish ham oʻqituvchiga katta quvvat bagʻishlaydi. Muallimlarning hurmatini joyiga qoʻyishga odatlansak, nur ustiga nur. Hozirgi kunda oʻqimagan oʻquvchiga tanbeh bersa, ota-onalar kelib, pedagoglar bilan bahslashayotgan hollar, afsuski, kam emas. Aksincha, ular farzandining taqdiriga befarq boʻlmay, taʼlim muassasasi bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi kerak. Agar ota-onalarni oʻqituvchining dars berishi, bilimi qanoatlantirmasa, buni ham ochiq aytib, vaziyatni oʻnglash choralarini koʻrish zarur.

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishida aynan adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha qator maqsadlar belgilangan. Demak, taʼlim islohotlari izchil davom etadi. Yangi oʻquv dargohlari quriladi. Mavjudlari zamon andozalariga mos taʼmirlanadi. Taʼlim sifati, oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari muntazam kengayib boradi. Zero, bu ishlarning natijasi taʼlim-tarbiya sifatida, yoshlarimiz kamolotida namoyon boʻladi.

Muxtasar aytganda, jamiyatni inson oʻzgartiradi, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Taʼlimning markazida esa doim oʻqituvchi turadi. Demak, muallimlarning jamiyatdagi oʻrnini, hurmatini joyiga qoʻyish, farovon yashashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi ishlar xalqimizning azaliy orzusi — yangi Oʻzbekistonni, uchinchi Renessans poydevorini yaratishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Amalga oshirilayotgan ishlar qalbimga quvonch bagʻishlab, ruhimni yanada koʻtaradi. Yuragimning tub-tubidan quyidagi misralar sizib chiqadi:

Koʻzlarda nur, chehralar gulgun...

Kunlar oʻtib, oppoq tong otdi.

Yonoqlarda yondi tabassum,

Kelajakka umid uygʻotdi.

«Taʼlimdadir yuksalish, najot,

Bilim eltgay choʻqqilar tomon.

Yosh avlodga berguvchi qanot,

Ustozlarni alqang har zamon».

Adolatli shunday daʼvatda

Qad koʻtarmish oqil siyosat,

Muallimlar siylangan yurtda

Ravnaq topgay ilmu maʼrifat.

Toki omon boʻlsa bu Vatan,

Qaddimiz tik, qadrimiz yuksak.

Murabbiylar eʼzozda ekan,

Ishonch bilan uradi yurak!

Sobitxon TURGʻUNOV,

Namangan davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер