Inson salomatligi bilan bogʻliq uzoq kutilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi

12:05 19 Sentyabr 2021 Jamiyat
661 0

 

17-18-sentyabr kunlari Navoiy viloyatining Xatirchi, Qiziltepa tumanlarida hamda Navoiy va Zarafshon shaharlarida shifokorlar, soha mutaxassislari, inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasiga muhtoj, bunday amaliyotni oʻzida oʻtkazdirgan bemorlar, MFY va OAV vakillari ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar oʻtkazildi.

Mazkur tadbirlarda Qonunchilik palatasi deputatlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari tomonidan inson aʼzolari va toʻqimalarini transplantatsiya qilishning muhim jihatlari, sohani tartibga solish boʻyicha ishlab chiqilgan qonun loyihasining ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilgi Davlat dasturida tumanlarda tezkor va malakali tibbiy yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan tumanlararo angiojarrohlik markazlarini tashkil etish belgilangan boʻlib, bugungi kunda ushbu markazlar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Bu markazlar aholiga yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini uzoqqa bormasdan tumanning oʻzida amalga oshirish imkonini yaratadi.

Chunki butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham aʼzolar va toʻqimalari transplantatsiya qilinishiga muhtoj boʻlgan minglab bemorlar mavjud. Jumladan, 500 nafar bemor jigar, 1 500 nafar bemor buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi aniqlangan. Qolaversa, yurak, oʻpka transplantatsiyasiga muhtojlar ham bor.

Zarafshon shahar, Qiziltepa tuman tibbiyot birlashmalarida oʻtgan tadbirda yigʻilganlar tomonidan yaqinga qadar tuman hududida gemodializ uskunasi boʻlmagani tufayli bemorlar bunday xizmatni olish uchun Navoiy shahriga borishga majbur boʻlgani, joriy yilda hududdagi tibbiyot muassasasiga gemodializ apparatining olib kelingani aholi ogʻirini yengil qilgani taʼkidlandi.

–Qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan koʻrib chiqilib, birinchi oʻqishda qabul qilingan edi. Hozirgi kunda mazkur loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash maqsadida mutaxassislar, ekspertlar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalar oʻtkazilmoqda, – ­deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova.­ –Mazkur amaliyot esa birinchi navbatda, parlamentda qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda saylovchilar manfaatlarini yanada toʻliq ifodalashga, ushbu qonunlarning hayotga samarali joriy etilishini hamda qonun normalarining xalqchilligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Davra suhbati davomida ishchi guruhi tomonidan qonun loyihasi hamda mamlakatimizda transplantologiyani rivojlantirish boʻyicha jamoatchilik vakillari munosabatini oʻrganish yuzasidan aholi oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Unda 500 dan ortiq respondentlar ishtirok etdi.

Aytish joizki, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan bunday tadbirlar hali davom etadi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?