Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish va boshqa qator chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan Davlat dasturi xalqimiz bilan maslahatlashgan holda obdan muhokamadan oʻtkazilib, soʻngra qabul qilinishi anʼanaga aylandi.
Mazkur amaliyot, avvalo, xalq bilan muloqot tamoyili asosidagi islohotlarimizning amaldagi natijasi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, xalqimiz oʻz taqdiri ila bogʻliq boʻlgan har bir konseptual hujjat bilan tanishib chiqishi lozim. Bu yurtimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishi bilan birga, shu zaminda yashayotgan fuqarolarda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissini uygʻotmoqda.
Oʻtgan yillar tajribasidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, Davlat dasturidagi eng xalqchil gʻoyalar aholi bildirgan takliflar asosida vujudga kelganini koʻrish mumkin. Shu bois xalqimizning ushbu jarayonlardagi faolligi yildan-yilga oshib borayotir.
Xususan, “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi ham ayni kunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2023.strategy.uz hamda davlatdasturi.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmoqda.
Taʼkidlash joizki, hujjat loyihasi jami yetti yoʻnalish va 309 ta banddan iborat boʻlib, unda Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar, vazirlik hamda idoralarning 2023-yilda tegishli sohalarda amalga oshiradigan muhim chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Ayonki, keyingi yillarda xalq bilan muloqot tizimi samarali yoʻlga qoʻyildi. Fuqarolarimiz oʻzlarini qiziqtirgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim deb bilgan har bir masalani koʻtarib chiqib, masʼullar eʼtiborini ushbu muammolar yechimiga qaratmoqda. Xuddi shunday, ayni kunlarda ushbu loyihaning har bir bandi boʻyicha ham fuqarolar oʻz fikr-munosabatlarini, takliflarini bildirishmoqda.
Yana bir gap. Bugun mamlakatimizning barcha sohasida raqamlashtirish jarayonlari kechmoqda. Maqsad shaffoflik, ochiqlikni taʼminlash, eng muhimi, fuqarolarimizning muammolarini tezkor hal etish, mushkulini oson qilishdan iborat. Shu bois Davlat dasturining birinchi yoʻnalishida elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha ham vazifalar belgilangan.
Hozirgi kunda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatish 55 foizni tashkil qilayotgan boʻlsa, Davlat dasturida bu koʻrsatkichni 77 foizga olib chiqish vazifasi belgilangan. Bu borada endi maxsus qurilmalar asosida davlat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatlari kirib kelmoqda.
Eʼtiborni tortadigan yana bir qulaylik — talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish masalasi bilan bogʻliq. Yaʼni endilikda talabalar mobil ilovalar orqali my.gov.uz saytiga kirib, yotoqxonalarga navbatga turish imkoniga ega boʻlyapti. Bu, albatta, yoshlarga har tomonlama qulay imkoniyat yaratadi.
Maʼlumki, globallashuv jarayonining tezlashishi barcha sohada raqobat muhitini yanada kuchaytirayotir. Zamonaviy dunyoda intellektual bilim davlatlar taraqqiyotida tobora muhim oʻrin egallayapti. Bunday sharoitda sifatli bilim berishga asoslangan taʼlimgina mamlakatning raqobatbardoshligini taʼminlay oladi. Ushbu jarayonda nostandart, kreativ hamda tanqidiy fikrlaydigan, yuqori intellektual salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashga talab bundan-da ortadi. Bu esa bevosita taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliq uzluksiz jarayondir.
Shu bois ham mamlakatimizda keyingi yillarda taʼlim sifatini oshirish davlat siyosati darajasiga chiqdi. Davlat dasturi loyihasida ham aynan taʼlim sifatini oshirish, sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi hamda professional taʼlimni yanada rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Jumladan, professional taʼlim tizimini ravnaq toptirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos boʻlgan malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash maqsadida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab davlat grantlarini kollej va texnikumlarning dual taʼlim shakli boʻyicha ham ajratish, natijada joriy yilda mazkur shakldagi davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar oʻquvchi qabul qilinishi belgilangan.
Dual taʼlim shaklida oʻquvchi professional taʼlim muassasasida nazariy bilimlarni oladi hamda bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy koʻnikmalarini mustahkamlaydi. Buni biz jahonning rivojlangan davlatlari — Germaniya, Shveysariya, Avstriya tajribasida ham koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, Davlat dasturi loyihasida 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.
Buning natijasida 76 ta maktabda fransuz tili, yana shunchasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy hamda 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitiladi. Shuningdek, oʻquvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yoʻnalishidagi kasblarga oʻrgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.
Hujjat loyihasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1 — 4-sinflarida oʻquvchilarni ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish taklifi kiritilgan boʻlib, ushbu vazifalarni amalga oshirish jarayonida pedagogik oliy oʻquv yurtlari ham mazkur jarayonga tezroq tayyorgarlik koʻrishi zarur, deb hisoblaymiz. Chunki buning uchun ishlab chiqilgan darsliklar namunalari sohaviy oliy taʼlim muassasalariga ham berilishi hamda ular, oʻz navbatida, bunga jadal tarzda tayyorgarlik koʻrish lozim boʻladi.
Shu oʻrinda oliy taʼlim sifati va samaradorligini oshirish borasida ayrim masalalarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq deb bilamiz.
Birinchidan, tegishli oliy taʼlim muassasalarida muhandislik hamda texnik taʼlim sohalarini rivojlantirish uchun taʼlim dasturlarining xatlovini olib borish lozim.
Ikkinchidan, jahon tajribasi asosida zamonaviy taʼlim dasturini ishlab chiqish, oliy taʼlim muassasalarida “Robototexnika va sunʼiy intellekt” oʻquv markazlari, masofaviy taʼlimni rivojlantirish oʻquv laboratoriyalarini tashkil qilish ayni muddaodir.
Uchinchidan, endaument fondlarini tashkil qilish orqali oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirishda ularning rolini oshirish gʻoyatda muhim.
Albatta, bu kabi gʻoya va takliflar ertamiz egalari boʻlgan yoshlarni kelgusida jahon standartlariga javob beradigan, intellektual bilim va salohiyatga ega, kreativ fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassis boʻlib yetishishida oʻz samarasini berishiga ishonamiz. Ayni chogʻda Davlat dasturi loyihasida koʻzda tutilayotgan maqsad hamda chora-tadbirlarning har biri oʻz vaqtida va samarali hayotga tatbiq etilishiga esa barchamiz birdek masʼulmiz.
Sanjarbek DAVLETOV,
Urganch davlat universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori, tarix fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring