Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar: Oʻzbekiston ularni qanday ado etmoqda?

14:23 13 Noyabr 2020 Jamiyat
259 0

2020-yil 12-noyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatori hamkorligida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish boʻyicha milliy maslahatlashuvlar” tashkil etildi. Bu haqda Markazi axborot xizmati xabar berdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik korpus vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarining bajarilishi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashining Oʻzbekistonning uchinchi Milliy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha oraliq hisobot loyihasi, shuningdek, sudlar va advokatlarning mustaqilligi boʻyicha Maxsus maʼruzachining tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan boʻlib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda. 

Tadbirda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzoligi, bu — tarixiy yutuq ekanini, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotganining yorqin dalolati ekanini qayd etdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning BMT organiga aʼzolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador saʼy-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bogʻlaganidan dalolatdir.

Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqib, hozirda mamlakatda inson huquqlarini taʼminlashda, belgilab qoʻyilgan qonuniy kafolatlarga davlat organlari tomonidan amal qilinishida fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlarning nazorati oshib, bu sohada yana-da shaffoflik ortganligini, xususan, inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da ham jami 78ta banddan 23 tasi fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlar bilan amalga oshirish nazarda tutilgani fuqarolik jamiyati institutlariga davlat idoralari bilan tengma-teng masʼuliyat va vazifalar yuklanayotganidan dalolat ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi jahon boʻylab inson haq-huquqlarining taʼminlanishi bilan bogʻliq vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga koʻrsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur Kengashga aʼzo har bir davlat oʻz majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bogʻliq mezonlarga amal qilishda namuna boʻlishi lozim. Oʻzbekistoning BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga taqdim etgan “Ixtiyoriy majburiyatlar va vaʼdalar” hujjatida mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda Oʻzbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari batafsil taqdim qilingan. 

Davra suhbatida BMTning Inson huquqlari kengashini Universal davriy hisobot yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni bajarish boʻyicha Oraliq maʼruzasi loyihasi hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalasiga oid maxsus maʼruzachisi D.Garsiya-Sayanning Oʻzbekistonga tashrifi yuzasidan tayyorlangan tavsiyalarni bajarish boʻyicha tayyorlangan Milliy harakat rejasi loyihasi muhokama qilindi. 

Shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari Byurosi hamda YEXHTning mamlakatimizdagi Loyihalari koordinatori oʻrtasida uch tomonlama hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?