«Inson huquqlari bolalar nigohida» Respublika tanlovi oʻtkazilmoqda

13:34 01 Mart 2023 Jamiyat
769 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi axborot xizmati rahbari Gʻulom Mirzayev maʼlum qildi.

Jeneva shahrida oʻz ishini boshlagan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 52-sessiyasi doirasida oʻtkaziladigan Yuqori darajadagi segment ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Bu – 20-28-fevral kunlari mamlakatimizda boʻlib oʻtgan “Inson huquqlari haftaligi” boʻyicha Dasturdagi tadbirlardan biridir. Ayni tashrif yakunlari boʻyicha tez orada batafsil axborot beramiz.

Haftalik davomida mamlakatimizning turli hududlarida davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, oʻquv kurslari, kitoblar taqdimoti kabi barcha tadbirlar Dasturda belgilangan vaqtda va toʻliq oʻtkazildi.

“Inson huquqlari haftaligi” Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ayni mavzuda tashkil etilgan davra suhbati bilan boshlandi. Toshkentda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda Parlament va nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻrni”ga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati hamda “Oʻzbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targʻib qilish” mavzusida, Samarqandda esa “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida oʻzaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiyalar boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “Ichki ishlar boshqarmasi rahbari va yoshlar”, “Davlat xavfsizlik xizmati rahbari va yoshlar” kabi uchrashuvlar tashkil etildi.

Yurtimiz sud tizimi namoyandalari alohida faollik koʻrsatgan bunday uchrashuvlarda jami 8 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etib, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash masalalari haqida zarur maʼlumotlarga ega boʻldi.

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi tashkil etildi. Unda 4 mingga yaqin yoshlar qatnashdi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlikda “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi oʻtkazildi.

Taʼlim muassasalarining “Inson huquqlari haftaligi” doirasida amalga oshirgan chora-tadbirlari borasida Jamoat xavfsizligi universiteti, ayniqsa, peshqadamlik qildi. Mazkur universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan birgina Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi mahallalarda 62 ta uchrashuv tashkil etildi.

Bu sohada Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Malaka oshirish instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti ham faollik koʻrsatdi.

Fuqarolik jamiyati institutlari bu jarayondan chetda turgani yoʻq. Xususan, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Madad”, Barqaror rivojlanish markazi faollari ishtirokida koʻplab maʼrifiy anjumanlar oʻtkazildi.

Haftalik yil boʻyi davom etadigan bir qancha tadbirlarning boshlanishiga ham turtki berdi. Xususan, Milliy markaz tomonidan:

Birinchidan, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanlovi eʼlon qilindi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi hamda Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 31 yilligiga bagʻishlangan ushbu tanlovning dastlabki bosqichi 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yakunlansa, ikkinchi bosqich gʻoliblari esa 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni aniq boʻladi.

Ikkinchidan, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Fargʻona shahrida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida oʻquv kursi tashkil etildi.

Bu oʻquv kursi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida yil davomida oʻtkaziladi. Mashgʻulotlarning jami soni 14 tani tashkil etadi va oʻquv kurslarida 700 nafar tinglovchi tahsil olishi taʼminlanadi.

Uchinchidan, hududlardagi axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi adabiyotlarni taqdim etish ishlari boshlab yuborildi. Hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazi, Fargʻona viloyati, Rishton tumani, Zohidon qishlogʻidagi 3-oʻrta taʼlim maktabi hamda qator oliy taʼlim muassasalari kutubxonalariga – jami 1 ming 200 ta kitob taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?