Inson huquq va erkinliklari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi

22:19 12 Avgust 2022 Jamiyat
1098 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Parlament komissiyasi raisi A. Saidov kirish soʻzi bilan ochdi. Bunda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yoʻnalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yil 7-iyun kuni Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan edi.

Dastlab yigʻilishda ushbu konvensiyaning qoidalari ijrosini taʼminlash borasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan “2022 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi” (“Yoʻl xaritasi”) loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Milliy harakatlar rejasini tuzishda barcha davlat organlari, xususan, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etdi. Ushbu masala parlament komissiyasida koʻrilgach, Milliy harakatlar rejasi loyihasini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi hamda Senat Kengashining qoʻshma yigʻilishlariga kiritish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda kun tartibidagi ikkinchi masala — 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, “Yoʻl xaritasi”ga oid 78 banddan 64 ta band boʻyicha ishlar bajarilgan. 12 ta band boʻyicha ishlar davom etayotgan boʻlsa, 6 ta bandning muddati uzaytirilgan. Milliy strategiyada belgilangan 33 qonun hujjatlari loyihalarining 19 tasi qabul qilingan holda, 14 tasini ishlab chiqish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Parlament komissiyasi yigʻilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan va bajarilmay qolgan bandlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu masalada sustkashlikka yoʻl qoʻymaslik va ushbu hujjat ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan tegishli davlat organlari rahbarlarining hisobotini bevosita Parlament komissiyasi yigʻilishida koʻrib chiqish zarurligi aytildi.

Yigʻilishda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi Xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Oʻninchi — oʻn ikkinchi davriy maruzalarini koʻrib chiqish yakunlariga koʻra BMT irqiy kamsitishni tugatish boʻyicha qoʻmitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar rejasining ijrosi boʻyicha Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2022-yil birinchi yarim yilligi yakuni boʻyicha Milliy harakatlar rejasining ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilda Milliy markaz tomonidan “Kamsitishga yoʻl qoʻymaslik va tenglik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Qolaversa, etnik guruhlarning huquqlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillar boʻyicha tahliliy maʼlumotnoma tayyorlangan holda ularning huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.

Komissiya yigʻilishida Prezidentimizning 2021-yil 26-iyundagi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning 2022-yil birinchi yarim yillik davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axboroti eshitildi.

Inson huquqlari boʻyicha vakil Feruza Eshmatovaning maʼlum qilishicha, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan joriy birinchi yarim yillik davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 156 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Mazkur tashriflar davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani va boshqa shu kabi holatlar oʻrganilgan.

Yigʻilishda shuningdek, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusovaning joriy yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularni doimo qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama imkoniyat yaratish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, oʻqishi, malakali tibbiy yordam qabul qilishi uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda.

Hisobot davrida Bolalar ombudsmani nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillaridan, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 325 ta murojaat kelib tushgan va ular Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan toʻliq nazoratga olingan. 48 ta murojaat idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan boʻlsa, 189 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan davlat tashkilotlariga 38 ta soʻrovlar yuborilgan. Eng muhimi, hisobot davrida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 million soʻm alimentlar undirib berildi.

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli bayonnomasi tuzildi.

«Xalq szi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?