Inson hayoti muhofazasi — eng muhim masala

02:13 30 Aprel 2022 Jamiyat
667 0

Foto: «Халқ сўзи»

Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish har birimiz uchun, xoh piyoda boʻlaylik, xoh ulovda, hayotiy zaruratdir. Bilʼaks, ozgina beparvolik, qoidalarni mensimaslik yoki harakatlanishda shoshma-shosharlik baʼzan ayanchli oqibatlarga olib kelayotganini bugun barchamiz koʻrib-bilib turibmiz. Buni statistik raqamlar ham dalillaydi. Chunonchi, 2021-yilda respublikamizda 10 mingdan ziyod avtohalokatlar yuz berib, ularda 9 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan, 263 nafar bola halok boʻlgan. Ushbu holat hududlar kesimida tahlil qilinganida, Andijon viloyatidagi vaziyat ham ancha jiddiy ekani oydinlashdi.

— 2021-yilda viloyat miqyosida 848 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan boʻlsa, shu yilning dastlabki uch oyida bu koʻrsatkich 125 tani tashkil etdi, — deydi Andijon viloyat IIB YHXB axborot xizmati katta inspektori Diyorbek Abdurazzoqov. — Yuzaga kelgan koʻngilsiz hodisalar oqibatida 23 nafar hamyurtimiz hayotdan bevaqt koʻz yumdi, 112 nafari turli darajada tan jarohati oldi. Hodisalarning yarmidan koʻpi piyodalarni urib yuborish holati bilan bogʻliq ekani haydovchilar malakasi qoniqarli emasligidan dalolatdir. Shu bois birinchi galda avtomaktablarda tinglovchilarga oʻtilayotgan mashgʻulotlar sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ikkinchi galda haydovchilar orasida tushuntirish ishlarini yanada jonlantirdik. Uchinchidan, yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlovchi boshqa zarur sharoitlarni yaratishga kirishildi.

Maʼlum boʻladiki, viloyatdagi eng koʻp yoʻl harakati hodisasi Andijon shahrida yuzaga kelmoqda. Shuni hisobga olgan holda haydovchilar uchun qulay sharoit yaratish, tirbandliklarning oldini olish borasidagi ishlar rejasi tuzib chiqildi. Unga binoan 13 ta chorrahaga qoʻshimcha yoʻlaklar qurilishi koʻzda tutilgan boʻlib, 30 ta chorrahaga innovatsion svetofor va fotoradarlar oʻrnatilmoqda. Bu borada germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlik yoʻnalishdagi muammolarni bartaraf etishda jahon tajribasini qoʻllash imkonini beradi. Qolaversa, viloyatdagi 767 ta maktabda maxsus sinf xonalari tashkil etilib, ularda bevosita ichki ishlar xodimlarining oʻzlari oʻquvchilarga yoʻl harakati xavfsizligi mavzusida dars oʻtishi tashkillashtirildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?