Inson eʼtibori va mehr-muhabbati tabiatni yashnatadi

10:29 22 Noyabr 2021 Jamiyat
553 0

Ona xalqimizning moʻjizakor qudrati mehnatda, goʻzal bogʻlar bunyod etish, atrofi olamni gulzorga aylantirish saʼy-harakatlarida toʻla namoyon boʻladi. Bugun mehnatsevar el obodlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik, bir soʻz bilan aytganda, Vatanga muhabbatning eng oliy koʻrinishini yerga bir tup nihol qadash, yashil maskanlar bunyod etishga kichik boʻlsada hissa qoʻshish orqali koʻrsatmoqda.

Sir emaski, biz XXI asrning gʻoyat shiddatli, axborot toʻlqinlari mavj urayotgan davrida yashayapmiz. Butun dunyoda terrorizm, radikalizm, turli axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat” qutqulari davom etayotgan boʻlsa-da, xalqimizning hamjihatligi, birdamligini, millatlararo doʻstlik rishtalarini buyuk ajdodlarimizga ehtirom va qadriyatlarimizga hurmat mustahkamlay oladi. Yuksak insoniy va axloqiy fazilatlarimizgina har qanday tahdidlardan omon saqlaydi.

Obodonchilik borasidagi asrlardan-asrlarga oʻtib kelayotgan anʼanalarimiz, urf-odatlarimizga esa xalqning fidoiy farzandlari, el yukiga yelka tutadigan insonlar sayqal bera oladilar.

Keyingi yillarda Vatanimizda yuz bergan tarixiy oʻzgarishlar, obodonchilik-koʻkalamzorlashtirish borasidagi saʼy-harakatlar zamirida ham el uchun yonib yashamoqni shart bilgan matonat sohiblarining mehnatlari mujassamdir. Birgina Fargʻona viloyatida amalga oshirilayotgan obodlik tashabbuslari nafaqat atrof-muhit musaffoligi balki tinchlik-farovonlik, oʻzaro mehr-oqibat, koʻngillar obodligini taʼmin etmoqda. Shu kunlarda koʻchat ekish, bogʻ va gulzorlar yaratishdek ezgu vazifa yurtdoshlarimiz, xususan, fargʻonaliklarning muqaddas burchiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Keng va ravon yoʻllar, soʻlim manzillarda koʻkka boʻy choʻzayotgan qrim, eldar sosnasi, mojjevelnik archasi, kashtan, yapon saforasi, ipak akatsiyasi, lola daraxti kabi manzarali daraxtlar, shuningdek, koʻplab turdagi mevali daraxtlar koʻzni quvnatish barobarida ruhimizga mador baxsh etadi, tabiat musaffoligini taʼminlaydi. Tabiatning mazkur galareyalarini saqlash va parvarishlashga har birimiz masʼul va burchlimiz, albatta. Zotan, har bir inson ona tabiatning ajralmas boʻlagi, uning yaratuvchisi va bunyodkori sifatida yashil maydonlar koʻpaytirishga qodirdir.

Aytish kerakki, obodlik, tabiatni yashartirish va koʻkalamzorlashtirish qalban ado etiladigan ezgu ishdir. Boshqacha qilib aytganda, obodlik tushunchasini yuragidan oʻtkaza oladigan sogʻlom fikrli, mard, saxovatli, gʻayratli insonlarning amaliy harakati bilan amalga oshiriladigan xayrli tashabbusdir, aslida.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ilgari surilib, mazkur loyiha orqali yiliga 200 mln tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilingani xalqimiz qalbidagi ana shu ulugʻvor saʼy-harakatga boʻlgan ishtiyoqni yanada oshirdi. Taʼkidlash kerakki, bugun barchamiz oldimizda turgan muhim vazifa –yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ado etishga hamjihatlik bilan kirishdik.

Respublikamizning har bir hududida “Yashil zamin” jamgʻarmalari tashkil etilishi, viloyat hokimlariga oktyabr-noyabr oylarida jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kerakli hajmdagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini aholiga bepul tarqatilishi esa “yashil makon”lar barpo etishimiz uchun katta koʻmak boʻladi.

Inson hayoti va salomatligining asosi boʻlgan yashillikning barqaror boʻlishi barchamizni turli xastaliklar va global iqlim oʻzgarishi muammolaridan himoya qilishi muqarrardir. Chegara bilmas ekologik muammolar dunyo boʻylab yoyilgan bir pallada Oʻzbekiston hududida “Yashil makon”larni kengaytirish orqali tabiat yashil boyliklarining ortishiga, shuning barobarida yurtimiz iqlimining musaffoligi va aholi sogʻligʻining mustahkamlashga erishamiz.

Ayni jarayonlarda koʻp sonli jamoaga ega boʻlgan Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, barcha xodimlari va talaba-yoshlari qalbida koʻkalamzorlashtirish, bunyodkorlik, ilm izlovchilarga toza va yashil bogʻlar qoldirishga qaratilgan yuksak maqsad joʻsh urmoqda. Oliygoh hududiga va uning atrofidagi koʻchalarga archa koʻchatlari, manzarali nihollar, kuzgi gullar ekish ishlari jamoaning kayfiyatiga koʻtarinkilik bagʻishlamoqda. Shu bilan birga jamoa yashillik sari intilib, shahardagi Mehribonlik uyi, Muruvvat uyi va oliygoh bilan yondosh boʻlgan mahallalarga ham borib koʻchat ekish tashabbusini ham boshladilar. Bu xayrli ishlar universitet har bir xodimining inon-ixtiyori, chin istagi, shu ona zamin farzandi sifatidagi fuqarolik burchi, beminnat va sidqidildan chiqayotgan yurak amri ijrosidir.

Vatan uchun, uning koʻrkam chiroyi va musaffo nafas uchun amalga oshirilayotgan bu bunyodkorlik xalqimizga manzur boʻlmoqda. Ulugʻ donishmandlar “Yaxshidan bogʻ qolar”, “Vatan uchun bir nihol qada, ey doʻst” deya bejiz bong urishmagan axir. Qalblarimizga kirib kelgan, aslan, jismu jonimizda uygʻoq boʻlgan obodlik, ezgulik, ona tabiatga muhabbat qoʻngʻirogʻi hamisha jaranglab turmogʻi kerak. Boisi xalq taqdiri, uning farovon va baxtli hayoti bilan chambarchas bogʻlanib ketgan yashil makonlarni koʻpaytirish, tabiatga mehr bilan munosabatda boʻlish barchamizdan yurtparvarlik, hayotsevarlik va uygʻoqlikni talab etadi.

Xulosa sifatida taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz boʻylab eʼlon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”ning barakasi va samarasi yoshimiz, kasbimiz, yashash hududimizdan qatʼiy nazar har birimizning shaxsiy tashabbusimizda, obodlik va koʻkalamzorlashtirishga boʻlgan alohida eʼtiborimizda koʻrinadi. Bu borada ham xalqimiz, xususan, fargʻonaliklar munosib namuna boʻlishi, birdamlik va hamjihatlik bilan Fargʻonani yanada yashil goʻzalliklarga burkangan makonga aylantirishda oldingi saflarda boʻladilar. Eng muhimi, Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan ezgu ishda hamjihatlik namunasini koʻrsatadilar.

Poziljon OTAQULOV,

Fargʻona davlat universiteti

tabiiy fanlar fakulteti dekani,

geografiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?