Innovatsion rivojlanish vaziri Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirini qabul qildi

07:38 31 Mart 2021 Jamiyat
313 0

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy tashrifi doirasida 2021-yil 30-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan muzokara olib bordi.

Uchrashuv avvalida vazir I.Abdurahmonov yuqori martabali mehmonni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki davlat ilm-fan namoyondalari oʻrtasida hamkorlikni va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish maqsadida qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu yoʻnalishda 2021-yilning may-iyun oylarida qoʻshma-ilmiy loyihalar tanlovini eʼlon qilish boʻyicha tegishli choralar amalga oshirishga va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha umumiy 2 mln. yevro atrofidagi moliyaviy mablagʻlar ajratishga kelishib olindi.

Shuningdek, yosh tadqiqotchi va olimlar malakasini oshirish va Vengriya ilm-fan sohasidagi ekotizim bilan yaqindan tanishish maqsadida stajirovkalar dasturlarini tashkil etish boʻyicha fikr almashildi. Bunda 100 nafar oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchilarning tegishli taʼlim va malaka oshirish dasturida ishtirok etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi Oʻz navbatida, P.Siyyarto ushbu yoʻnalishda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan alohida dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

Oʻzbekiston va Vengriyaning oliy taʼlim muassasalari va ular qoshida tashkil etilgan texnologik parklar oʻrtasida yaqin hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha tomonlar oliy taʼlim muassasalari va texnoparklar rahbarlaridan tashkil topgan delegatsiyalarni Oʻzbekiston va Vengriyaga tashrifini amalga oshirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, tomonlar venchur fondlar va startaplarni moliyalashtirish tizimlarini tashkil etish boʻyicha tajriba almashish, yadroviy energiyadan foydalanishda hamkorlik borasida oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdilar. Ikki davlat vazirlari global miqyosdagi muammo – pandemiya masalasiga toʻxtalarkanlar, koronavirusga qarshi vaksinani yaratish va undan foydalanishda hamkorlik oʻrnatish lozimligini qayd etdilar.

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri P.Siyyarto Innovatsion rivojlanish vazirligining Vengriya bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar koʻlamini yuqori baholadi va muhokama etilgan yoʻnalishlarda vazirlik bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv doʻstona ruhda oʻtdi.

  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?