Inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz — Prezident

11:50 20 Avgust 2021 Iqtisodiyot
519 0

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtayotgani haqida xabar bergan edik.

Unda Shavkat Mirziyoyev kreditlashni bozor mexanizmlariga oʻtkazish masalasiga toʻxtalib oʻtdi.

«Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sunʼiy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qoʻymasligimiz lozim. Barqarorlik boʻlmasa, iqtisodiy oʻsish boʻyicha koʻzlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bu borada, foiz stavkalariga bevosita taʼsir etadigan inflyatsiyani va yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini toʻliq bozor mexanizmlariga oʻtkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka oʻqitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda.

Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga oʻz gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablagʻlar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida koʻmakdosh boʻladi.

Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.

Oltinchidan, islohotlarimiz uchun oʻta muhim boʻlgan oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

Endi, bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun taʼminotchini qayerdan topaman deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.

Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn hal etiladi. Oʻz navbatida, ushbu platforma taʼminotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion soʻmlik bozor yaratadi.

Iqtisodiy kompleks rahbarlari Qoʻchqorov, Nurmuratov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda, tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni keng tushuntirib, undan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyishni tashkil etishlari zarur.

Bu borada, mahallabay ish tashkil etish boʻyicha “Andijon tajribasi”ni butun mamlakat boʻylab keng qoʻllash lozim boʻladi», dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?