Indoneziya parlamenti delegatsiyasi bilan turizm va sport boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

17:10 18 May 2021 Sport
884 0

Kuni kecha Bosh vazir oʻrinbosari - Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov Indoneziya Parlamenti Vakillar palatasi spikeri oʻrinbosari R.Gobel boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Indoneziya Parlamenti qoʻmitasi raisi oʻrinbosarlari, mazkur davlatning “MetroTV” telekanali, “Kumparan” va “Detik.com” axborot agentliklari bosh muharrirlari hamda Indoneziya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi K.Sunaryo ishtirok etishdi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Indoneziya davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanishi, iqtisodiy, turizm va madaniy sohalarda olib borilayotgan hamkorlik ishlari toʻgʻrisida fikr almashishdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston hukumati tomonidan Indoneziya fuqarolari uchun joriy qilingan vizasiz tizim, ziyorat turizmini rivojlantirish, aviaqatnovlarni diversifikatsiya qilish va turizm sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, Indoneziya fuqarolari uchun Haj va Umra ziyorati oldidan “UMRA+Oʻzbekiston” dasturini yoʻlga qoʻyish, yurtimiz aeroportlaridan imtiyozli foydalanib, charter reyslar tashkil etish imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarnoning 1956-yilda amalga oshirgan tarixiy tashrifi va Imom Buxoriy maqbarasiga ziyorati bilan bogʻlab yangi marshrut yaratilganiga alohida urgʻu berildi.

Oʻz navbatida, R.Gobel Indoneziya delegatsiyasining iliq va yuqori darajada kutib olingani uchun minnatdorchilik bildirib, hamkorlik istiqbollarini yuqori bosqichga olib chiqishga tayyorlik uchun Oʻzbekiston tomoniga alohida minnatdorchilik bildirdi.

R.Gobel delegatsiyasi tarkibida “MetroTV”, Detik.com hamda “Kumparan” axborot agentliklari bosh muharrirlarini taklif etilishiga asosiy sabab, Indoneziyaning mazkur yetakchi OAVlari orqali Oʻzbekistonning turizm salohiyati, madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlari va savdo-iqtisodiy imkoniyatlarini keng yoritilishini taʼminlash, shu orqali ikki tomonlama hamkorlikni yuqori bosqichga olib chiqishga erishish ekanligi bildirildi.

Shuningdek, tomonlar indoneziyalik dunyoning eng kuchli badminton ustalaridan boʻlgan Tofik Xidayat va boshqa sportchilarni Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, yoshlar uchun mahorat darslari oʻtkazishni kelishib olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?