Imom al-Buxoriyning adolati

15:21 15 Fevral 2021 Jamiyat
795 0

Xalqimizning tarixi va madaniyatini yuksaltirishga, Islom dini va hadisshunoslik rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlarining turmush tarzida bugungi avlod uchun namuna va ibratlar juda koʻp. Ajdodlarimizdan bebaho boylik boʻlib qolgan ilm xazinasiga kirarkanmiz, kishilik jamiyatining rivoji uchun zarur boʻlgan sifatlarning barchasi imom al-Buxoriy asarlarida mujassam ekanligini koʻramiz. Ayniqsa, uchinchi uygʻonish davri deb nisbat berilayotgan bugungi kunda bu maʼnaviy merosga ehtiyojimiz katta.

Imom al-Buxoriy hazratlari umring har bir soniyasini Robbisi oldida hisobi borligiga iymon keltirib yashadilar. Shu bois u kishi vaqtning qadriga yetdi. Behudaga qadam bosmadi. Ustozning doimiy uygʻoq qalbi millat tashvishi, islom ummatining gʻam-qaygʻusi bilan bezovta edi. Oʻzlariga yuklatilgan buyuk va sharafli vazifani kamchiliksiz bajarish yoʻlida oʻta ehtiyotkorlik bilan ish tutdilar. Kunlik tanovulda halol bilan haromga jiddiy eʼtibor qaratdilar. Shu tufayli luqmasiga qilchalik ham shubhali narsalar soya tashlayolmadi. Ibodati, ilmi qanchalik mukammal boʻlsa, hayotdagi adolati, kamtarligi, saxiyligi shu qadar tengsiz edi. U kishiga otalaridan hisobsiz mol-dunyo meros qolgandi. Uni tijoratga tikib koʻpaytirar, olingan foydani esa doimiy ravishda beva-bechoralarga, muhtojlarga sadaqa qilardi. Imom al-Buxoriyda inson kamolotining oliy belgisi boʻlgan bu kabi sifatlar juda koʻp edi. Ulardan biri haqida oʻzlari bunday yozadilar: “Gʻiybat haromligini bilganimdan buyon biror kishini gʻiybat qilganim yoʻq”.

U kishiga kotiblik qilgan shaxs oʻz esdaliklarida keltiradi: «U otasidan qolgan juda katta boylikni muzorabaga (oʻzaro sherikchilik asosida tijorat qilib koʻpaytirishga) berar edi. Bir safar qarz olgan kishi uning yigirma besh mingini qaytarmadi. Ayrimlar unga: “Voliyning maktubini olsang foydasi tegadi”,- deyishdi». Shunda imom al-Buxoriy ularga: «Men ulardan maktub olsam, ular mendan taʼmagir boʻlib qoladilar-ku. Diynimni dunyoga sotmayman»,-dedilar.

U kishining adolatli shaxs boʻlganliklari haqidagi yana bir yodnomada bunday deyiladi:

«Unga Abu Hafs bergan yukni keltirishdi. Kechqurun bir guruh tojirlar kelib, ushbu savdodan besh ming dirham foyda berishni taklif qildilar. Imom al-Buxoriy ularga bu kecha sabr qilib, kutib turishlikni maslahat berdilar.

Ertasi kuni boshqa tojirlar kelishib, mol uchun oʻn ming dirham foyda taklif qilishdi. Shunda u: “Men kecha kechqurun sizlardan oldin kelganlarga berishni niyat qilgandim, niyatimni buzishni istamayman”, dedi va molni besh ming dirham kam foydaga boʻlsada, birinchi kelganlarga berib yubordi».

Imom al-Buxoriy otda ov qilishni xush koʻrardilar. Bu haqida u kishing Abu Jʼfar kunyasi bilan chaqiriluvchi kotibi quyidagilarni yozadi:

“Koʻpincha ulov minib, oʻq otgani chiqib turar edi. U kishiga hamroh boʻlganim davomida oʻqlari moʻljalga tegmay qolganini faqat ikki marta koʻrganman”.

Firabrda turganimizda, bandargoh (port)ga olib boradigan yoʻlga chiqib, oʻq ota boshladik. Imom al-Buxoriyning kamonidan otilgan oʻqlardan biri anhor ustiga qurilgan koʻprik arqoniga borib sanchildi va arqon yorildi. U buni koʻrgach, ulovidan tushib borib, arqondagi oʻqni chiqarib oldi. Oʻq otishdan toʻxtadi va: “Qaytinglar”,-dedi.

Biz ortga qaytdik. Shunda u menga yuzlanib, ogʻir nafas olarkan: “Yo Abu Jaʼfar senga hojatim bor”-dedi. Men uni tinglashga shayligimni bildirdim. U esa:

“Koʻprik egasining oldiga borasan! Biz arqonga zarar yetkazdik. Bizga uning oʻrniga boshqasini tortishga yoki qiymatini toʻlashga ijozat berishingni va bizni qilgan narsamiz uchun kechirishingni soʻraymiz”,-deysan dedi».

Koʻprikning egasi Humayd ibn Axzar ismli kishi ekan, uni qidirib topdim. Unga aytilgan omonatni yetkazdim. U esa menga:

“Abu Abdullohga salom ayt va unga: «Sening qilgan ishingni kechirdim. Barcha mulkim senga fido boʻlsin”,-deganimii yetkaz»,-dedi.

Abu Jʼfar aytilgan omonatni Imom al-Buxoriyga toʻligʻicha yetkazadi. Shunda, uning yuzlari birdaniga yorishib ketadi va chehrasida xursandchilik alomati paydo boʻladi. Abu Jaʼfarning taʼkidlashicha shu kuni imom al-Buxoriy gʻariyblarga besh yuzta hadis oʻqib berdi va molidan uch yuz dirham sadaqa qilib yubordi».

Muhaddislar sultonidagi bu kabi fazilatlar bugungi kunimizda har birimiz uchun ibrat maktabidir. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan shaffof siyosat zamirida adolatli jamiyat qurish yoʻlida bu maktab saboqlari suv bilan havodek zarur!

Hududlardagi hokimlar, huquq-tartibot idoralari, korxona va tashkilot rahbarlaridan kamtarlik va ilm-maʼrifat talab etilayotgan kunlarda u kishining hayot tarzi, halollik kodeksi, qatʼiyatli adolati, mukammal iymoni yoʻlchi yulduzdir.

Kitob oʻqimaslik kishilarni maʼnaviy qashshoqlikka duchor qiladi. Ilmsiz odam esa kunduzi ham yoʻldan adashadi. Shu tufayli jamiyatimizdagi ayrim rahbarlar, mahalla oqsoqollari poraxoʻrlik dardiga mubtalo boʻlishdi. Tadbirkorlar savdo-sotiqdan katta foyda topish ilinjida bozorlarda narx-navoni sunʼiy oshirishni shunchaki tirikchilik zaruriyati deb baholashmoqda. Aslida bular naqadar katta gunoh ekanligi imom al-Buxoriy asarlarida mukammal bitilgan.

Jamiyatimizdagi kambagʻallik qatlamini bartaraf etishda jonbozlik koʻrsatishi lozim boʻlgan (hozircha masjidlardagi quruq vaʼz nasihatdan nariga oʻtolmayotgan) din peshvolari — ulamolarimiz imom al-Buxoriy dahosi oldida bir umr qarzdordirlar. Chunki ular maʼnaviyat va abadiyat dunyosida u kishi zabt etgan oltin zinaning birinchi pillapoyasiga ham yaqin bora olishmaydi. Sababi, imom al-Buxoriydagi qatʼiyat, jurʼat, samimiylik, fidoiylik xislatlari negadir ulamolarimizda koʻrinmaydi.

Zero imom al-Buxoriy mazlumlarga, muhtojlarga, musofirlarga, qarzdorlarga doimo koʻmakchi, jamiyatning eng quyi qatlami bilan hukmdorlar oʻrtasidagi adolat posboni edilar. U kishi qarshisida manman degan olimlar tiz choʻkib hurmat koʻrsatardi. Amiru hukmdorlar u kishining duolari baroakotidan umidvor bir holda, saltanatiga tashrifini yillar davomida kutib yashardi. Imom al-Buxoriy esa saroylarga borishdan qochib, oddiy xalq orasida umr oʻtkazishni sevardi. U kishi Buxoro yaqinida bir rabot qurdirdi. Buni eshitgan xalq, bu savobli ishda koʻmakchi boʻlish uchun sel kabi yogʻilib keldi. Muhaddislar peshvosi bunga kifoyalanmay, oʻzlari yeng shimarib ustalarga gʻisht tashib berib turdi.

Imom al-Buxoriy ilmni, adolatni juda-juda sevar va qadrlardi. Bugungi avlodga bebaho boylik sifatida yozib qoldirgan asarlari «Jomeʼus-sahih» kitobiga bunday baho bergandilar: «Uni oʻzim bilan Alloh azza va jallaning orasida hujjat qildim». Na qadar buyuk xizmat va oltin satrlar...

Shodiyor MUTAHAROV,
Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?