Immunitetni koʻtaruvchi dori vositalari qanchalik foydali?

19:42 02 Sentyabr 2022 Jamiyat
885 0

Foto: Illustrativ foto

Vitaminga boy oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish va jismoniy faol boʻlish organizm uchun koni foyda. Biroq ayrim insonlar immunitet mustahkamligi uchun maxsus dori vositalari qabul qilishni maʼqul koʻradi.

Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Bunday preparatlar chindan ham foydalimi?

Oliy toifali shifokor Raʼno Nosirovaga ayni shu savollar bilan murojaat qildik.

— Immun tizimi — organizmdagi eng nozik jarayon, — deydi shifokor. — Immunitet esa tananing bakteriya va viruslar, zamburugʻlardan himoyalanishi, ularga qarshilik koʻrsatishidir. U uch xil — filogenetik, tugʻma hamda orttirilgan koʻrinishda namoyon boʻladi.

Taʼkidlash lozimki, pandemiya davrida butun dunyoda immunitetni mustahkamlovchi dori vositalariga boʻlgan talab benihoya ortdi. Sababi koronavirus infeksiyasiga chalinmaslik yoki uni yengil oʻtkazishda aynan tanani xavfli kasalliklardan himoyalovchi ushbu “qoʻrgʻon”ning ahamiyati katta.

Biroq mazkur doir vositalari, yaʼni immunomodulyatorlardan bilib-bilmay foydalanish unchalik toʻgʻri emas. Boisi bunday preparatlar har doim ham kutilgan natijani beravermaydi.

Eʼtibor bersak, bugun internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi dori vositalarining reklamasi ancha chaqqon. Odamlar esa ishonuvchan, oʻqigan yoki eshitgan dorilarini darrov qabul qilgisi keladi.

Aslida esa immunomodulyatorlar – immunitet tizimiga taʼsir qiluvchi yoki uning faoliyatida ishtirok etadigan biologik faol moddalar boʻlib, ular patogenlarga bevosita taʼsir qilmaydi.

Qolaversa, ular virusga qarshi immunitet shakllantirmaydi. Faqatgina hujayralarning immunitetini oʻzgartirishi mumkin, xolos. Shu sababli bunday vositalarni qoʻllayotganda, avvalo, immunolog-shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Boisi kishi immun tizimining holatini baholash uchun amalga oshiriladigan kompleks tahlil — immunogramma tekshiruvlarini oʻtkazmasdan turib, immunomodulyator dori vositalarini qabul qilish tavsiya etilmaydi.

Yaʼni, immun tizimiga oʻzboshimchalik bilan aralashish mumkin emas. Chunki immunomodulyatorlarni nooʻrin qabul qilish organizmda baʼzi autoimmun kasalliklarni vujudga keltiradi. Uning oʻrniga immunitetni mustahkamlash uchun tarkibida koʻplab vitaminlar saqlaydigan tabiiy mahsulotlarni isteʼmol qilgan maqsadga muvofiq.

Masalan, hoʻl mevalar, sabzavotli salatlar, suyuqliklar, damlamalar shular jumlasidan. Ayniqsa, anor, olma, limon, qatiq, piyoz, sarimsoq piyoz, asal, qovoq, burukli karami, qora sedanani muntazam tanovul qilish koni foyda. Bundan tashqari, moychechak, zanjabil, qizil miya ildizi damlamalari ham immunitetni koʻtarishda qoʻl keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер