Ilon Mask dunyodagi 800 mlrd dollardan ortiq boylikka ega birinchi odamga aylandi

14:44 04 Fevral 2026 Iqtisodiyot
387 0

Ilon Mask boyligi 800 milliard dollardan oshgan dunyodagi ilk insonga aylandi. Bu haqda “Forbes” maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, bu SpaceX kompaniyasi Maskka tegishli sunʼiy intellekt va ijtimoiy tarmoq yoʻnalishidagi xAI kompaniyasini sotib olganidan keyin roʻy berdi. Ushbu kelishuv birlashgan kompaniyani 1,25 trillion dollarga baholab, Maskning boyligini 84 milliard dollarga oshirib, rekord darajada — 852 milliard dollarga yetkazdi.

Unga qadar Mask SpaceXʼning taxminan 42 foiz ulushi (336 milliard dollar)ga egalik qilib kelayotgan edi. Shuningdek, uning nomida xAIʼning 49 foiz aksiyalari ham bor boʻlib, kompaniyaning joriy oydagi xususiy investitsiya raundidagi bahosi 250 milliard dollarni tashkil etgan. Birlashuvdan keyin esa SpaceX 1 trillion dollarga, xAI esa 250 milliard dollarga baholandi.

Forbes hisob-kitobiga koʻra, Mask endilikda birlashgan kompaniyaning 43 foiz ulushiga ega boʻlib turibdi, uning qiymati 542 milliard dollarga teng. Bu SpaceXʼni Maskning eng qimmat aktiviga aylantirdi.

Shu bilan birga, u Teslaʼning 12 foiz aksiyalariga egalik qiladi — ularning bozor qiymati 178 milliard dollar. Qoʻshimcha ravishda, Maskka tegishli Tesla aksiya opsionlari yana 124 milliard dollarga baholanadi. Bunga noyabr oyida aksiyadorlar maʼqullagan rekord maosh paketi kiritilmagan: ushbu paket Tesla kelgusi 10-yil ichida “Marsga otish” deb atalgan ulkan oʻsish koʻrsatkichlariga erishsa, Maskka qoʻshimcha ravishda 1 trillion dollargacha aksiya olish imkonini berishi mumkin.

Soʻnggi toʻrt oy ichida Ilon Mask boylik boʻyicha toʻrtta yirik marrani zabt etdi. Oktyabr oyida u ilk bor 500 milliard dollarlik boylikka erishdi, dekabr oʻrtalarida — 600 milliard dollar, oradan toʻrt kun oʻtib esa 700 milliard dollarlik chegaradan oʻtdi. Endi esa u tarixda birinchi boʻlib 800 milliard dollarlik boylikka ega inson sifatida qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?