Ilmning kuchi va qudratiga baho

20:27 08 Sentyabr 2021 Jamiyat
246 0

Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi, avvalo, ilm-maʼrifatni mayoq, deb bilgan ajdodlarimizning azaliy orzu-intilishlari, ayniqsa, yangi avlodning kelajak maqsadlarini oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda kechayotgan Uygʻonish jarayoni taʼlim tizimida, xususan, oliy taʼlim tizimidagi yangilanish va islohotlar, xalqaro oliy taʼlim standartlariga tenglashish tamoyillarida oʻz ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi kunda demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib borayotgan Oʻzbekistonda yoshlarning puxta va samarali bilim olishi, oliy taʼlimni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga erishilmoqda.

Mamlakat rahbari matbuotga bergan intervyusida «Yangi Oʻzbekistonning nafasi, surʼati va shiddatini avvalo aziz oʻgʻil-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida koʻraman...» degan chuqur mulohazalarini bayon etgani hamda takror-takror yoshlikda olingan ilmning kuchi, qudrati va bahosiga eʼtibor qaratganlari bejiz emas.

Shunisi aniqki, bu boradagi buyuk maqsadlarning roʻyobga chiqishiga, maktabgacha taʼlimdan boshlab, oliy taʼlimning zamon tendensiyalariga mos oʻsish surʼatlarida barqaror boʻlishiga barchamiz birdek masʼulmiz. Qolaversa, har qanday islohot oʻz-oʻzidan roʻyobga chiqmasligi, har bir masʼul rahbarning shaxsiy masʼuliyati, tashabbuskorligi eng asosiy kuch ekanligi - ayni haqiqat.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlarning soni soʻnggi besh yil ichida 142 taga yetgani, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish parametrlari uch barobar oshgani, joriy oʻquv yilida 171 ming nafar oʻgʻil-qizlar talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻlgani, ayniqsa, 2016-yilda bor-yoʻgʻi 9 foizni tashkil etgan oliy oʻquv yurtlariga umumiy qabul koʻrsatkichi joriy yilda 28 foizga yetgani eʼtirofga loyiq.

Bularning barchasi yurtimizda yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yoʻlidagi izchil saʼy-harakatlarning natijasi, albatta.

Fargʻona davlat universitetida ham amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq tarzda yangi oʻquv yili boshidanoq mustaqillik darslari, axborot va murabbiylik soatlari doirasida «talababay» oʻqitilishi tizimi yoʻlga qoʻyildi.

2020-2021 oʻquv yilida qariyb 24 ming nafarni tashkil etayotgan talabalarimizning mukammal oliy taʼlim olishlari uchun Fargʻona davlat universitetida munosib sharoitlar yaratilayotir. Joriy yil 1200 oʻrinli 7 qavatli yangi oʻquv binosi, innovatsion oʻquv ishlab chiqarish texnoparki, 400 va 200 oʻrin yangi, zamonaviy talabalar turar joylarining barpo etishga kirishilgani oliygohda taʼlim va oʻqitish sifatini tubdan oshirishga qaratilgan amaliy ishlarimiz namunasidir.

Bugun toʻrtta ustuvor vazifa, yaʼni oliy oʻquv yurtlarining boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va oliy oʻquv yurtlarining profiling boʻlimlarining vakolatlarini kengaytirish, oʻquv jarayonini mehnat bozori talablariga moslashtirish, uni ishlab chiqarish bilan bogʻlash, universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, oʻqituvchi va talabalarning qogʻoz ishi hajmining kamayishi, sohani raqamlashtirish hisobiga byurokratiya va korrupsiyaning bartaraf etilishiga erishish bizdan chuqur masʼuliyat, qatʼiyatni talab etadi.

Shuningdek, yosh avlod va millat maʼrifati rivoji masalasiga barcha imkoniyat keng safarbar qilinayotgan bugungi davrda barchamizdan yanada faol boʻlishni, islohotlarga yelkadoshlikni oʻz amaliy ishlarimizda koʻrsatishimizni taqozo etadi.

Yangi Oʻzbekistonni bilimli, yuksak salohiyatga ega avlod bunyod etar ekan, yangi rivojlanish bosqichiga chiqib olgan mamlakatimizga munosib, yetuk yangi avlod kadrlari aynan oliy oʻquv yurtlarida kamolga yetadi.

Bahodir SHERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?