Ilm-fanning zamonaviy muammolari muhokama qilindi

22:46 10 Iyun 2021 Jamiyat
360 0

Ayni paytda “Ilm-fanning zamonaviy muammolari va istiqbollari” (ICPPMS-2021) mavzusida birinchi xalqaro anjumani boʻlib oʻtmoqda. Onlayn tarzda oʻtkazilayotgan anjuman Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Sun Moon, Navoiy davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat transport instituti  hamda Toshkent kimyo texnologiya ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Uning ochilishida soʻzga chiqqan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, professor Oʻ. Umurzakov mazkur xalqaro anjuman ilm-fanning turli yoʻnalishlari, jumladan, qishloq va suv xoʻjaligida innovatsion usullar, ilgʻor kimyoviy texnologiyalar, bino va inshootlar qurilishi, energetika va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha yetakchi tadqiqotchilarning ilmiy natijalarini qamrab olishini hamda mutaxassislar uchun keng ilmiy munozaralar maydoni boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Suv xoʻjaligi vazirligining Suv tejovchi va ilmiy-innovatsion loyihalarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Shavkat Usmonovning eʼtiroficha, bugungi kunda olimlar va tadqiqotchilar bilan birgalikda mamlakatimiz suv xoʻjaligi sohasiga ilm-fan yutuqlari, suv tejovchi texnologiyalar va jahonning ilgʻor tajribalarini joriy etish borasida ilmiy va metodologik tavsiyalarni ishlab chiqish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga, suv xoʻjaligini boshqarish va suvdan foydalanish tizimlarini takomillashtirishda innovatsion usullardan foydalanishga keng eʼtibor qaratilmoqda.

Onlayn tadbirda Janubiy Koreya, Yaponiya, Finlyandiya, AQSH, BAA, Pokiston kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlaridan olimlar va tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Xalqaro anjuman ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?