Ilm-fan, yaratuvchanlik va ijodiy yondashuv mamlakatni innovatsion rivojlanish yoʻlidan yetaklashga qodir

12:13 26 Noyabr 2020 Jamiyat
773 0

Bugungi Oʻzbekiston kechagisidan tubdan farq qilishi barchamizga ayon. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlanib, xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan islohotlar mamlakatga yangi qiyofa baxsh etmoqda. Ularning jadal surʼati esa uchinchi Renessansga poydevor qoʻyishdek uluvor maqsad bilan izohlanadi.

Tarix saboqlari

Har qaysi davr oʻzining mashhur shaxslari — xalqni ilhomlantirib yutuqlarga boshlovchi yetakchilar, donishmand olimlar va maʼrifatparvar insonlar faoliyatiga tayanadi. Jumladan, yangi Uygʻonish davri ham. Bilimli, ijodkor va ilgʻor fikrlovchi shaxslar boʻlmas ekan, taraqqiyotga erishish mushkul. Ilm-fan, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, madaniyat — xullas, barcha sohada yangilik yaratishga qodir boʻlgan kishilargina jamiyatni oʻzgartira oladi.

Bunday insonlar qatlami esa oʻz-oʻzidan shakllanib qolmaydi. Yangi bilimlar, gʻoyalar va falsafiy qarashlar asosida yangi fikr yuzaga keladi. Zamondan orqada qolgan qoloq taʼlim tizimi esa kelajakka poydevor qoʻyadigan avlodni tarbiyalab, uni ulkan bunyodkorlikka chorlay olmaydi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon amalga oshirilgan, puxta oʻylangan qadamlarning mazmun-mohiyati ham shunda. Taraqqiyotning eng ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda davlatimiz rahbari iqtisodiy soha bilan birga ilm-fan, innovatsiya, taʼlim-tarbiya, salomatlik va sport, madaniyat va sanʼatni eng oldingi qatorlarga qoʻyishi bejiz emas, albatta. Zotan, tarix sabogʻi har doim kishiga nimani aynan qanday oʻzgartirish lozimligini uqtirib turadi.

Afsus, yurtimiz oʻtmishida shunday davr ham boʻldiki, asl qadriyatlar oʻrnini sunʼiy ravishda singdirilgan “qoliplar” egalladi. Ilm-fan, sanʼat, taʼlim va maʼrifat siyosiylashtirilib, keyingi oʻrinlarga surib qoʻyildi.

Birgina bolaning shaxsini shakllantiruvchi oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni olaylik. Ular oʻz ustida ishlash, yangi pedagogik texnologiyalarni oʻqib-oʻrganish, xalqaro tajribani, sohadagi eng soʻnggi yangiliklarni muntazam kuzatib borish oʻrniga qogʻozbozlikka, asl vazifasiga kirmaydigan turli yumushlarga koʻmilib qolgandi. Boz ustiga, olayotgan oylik maoshi haminqadar boʻlgan muallimni roʻzgʻor tebratish tashvishi ham qiynardi. U maktabdan ortib oʻzini oʻtga-choʻqqa urishga ham majbur edi. Ana shunday holatda oʻqituvchilardan taʼlim-tarbiyaning yuqori sifatini talab qilish mumkinmidi?! Vijdon tarozisiga solinsa, bunga ularning fiziologik imkoniyatlari yetmasligini barchamiz ham bilardik. Shunga qaramay, barkamol avlodni kamolga yetkazishni ulardan talab qildik. Bu, taʼbir joiz boʻlsa, sahroda chanqab arang ketayotgan insondan suv soʻrash bilan barobar edi...

Bunday holat sekin-asta kadrlar tayyorlashning sifati va darajasini pasaytirdi, nafaqat ijtimoiy soha, balki iqtisodiyotning muhim tarmoqlari ham orqaga ketishiga sabab boʻldi.

Prezidentimiz ana shunday murakkab holatda nihoyatda oqilona yoʻl tutdi. Oʻqituvchilarning ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, gʻoyat sharafli mehnatini munosib qadrlash uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch hamda imkoniyatlarini safarbar etishga kirishdi. Pirovardida, maʼrifat fidoyilarining oylik maoshlari oshirildi, ular majburiy mehnatdan, ortiqcha qogʻozbozlikdan, qoʻyingki, yoshlarga mukammal bilim berishlari uchun xalal beradigan har qanday yumushdan xalos etildi. Bu hayotiy quvvatini tobora yoʻqotib borayotgan tanaga quyilgan yangi qon kabi taʼsir qildiki, natijada sohada jonlanish koʻzga tashlanmoqda. Muallimlar ertangi kunimiz egalarini, bunyodkorlarini tarbiyalaydigan buyuk va qudratli kuch ekanliklarini his qila boshladi.

Yoshlar tarbiyasi — vatan taqdiri

Davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirdagi nutqida buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan soʻzlarini bejiz eslatmadi.

Eramizdan avval aytilgan bu fikr taʼlim va tarbiya masalasi hamisha, eng qadimgi davrlardan boshlaboq, dolzarb ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Rivojlangan davlatlar aynan ilm-fan va taʼlimga katta eʼtibor berilgani tufayli ham taraqqiyot va farovonlikka erishgan.

Mazkur hayotiy haqiqat necha martalab isbotlangan.

Yana bir yorqin misol tariqasida Gumboldt islohotini keltirish mumkin. U tarixda insoniyatga taʼlimning yangi modelini tuhfa qilgan eng samarali, natijador islohotlardan biri sifatida qolgan. Muallifi — Prussiyaning taʼlim vaziri Vilgelm fon Gumboldt uni XIX asr boshida joriy qilgan edi.

Oʻsha vaqtda Prussiyada umumiy boshlangʻich taʼlim mavjud boʻlishiga qaramay, davlat u bilan jiddiy shugʻullanmagan, yaʼni maktablar qurmagan, ularga mablagʻ ajratmagan, oʻqituvchilar koʻpincha maoshsiz qolib ketishgan. Shuning uchun qishloqlarda tasodifiy odamlar — ish topolmagan ustalar, urush nogironlari ham dars beravergan. Savodli boʻlsa, boʻlgani.

Napoleonga qarshi urushda magʻlub boʻlgan davlatning oʻzi ham xarob ahvolda edi. Shunda eng murakkab iqtisodiy muammolarni faqat keskin islohotlar yordamidagina bartaraf etish mumkinligi maʼlum boʻldi. Ularni esa faqat erkin, oʻqimishli odamlardan tashkil topgan jamiyat oldinga siljita olar edi. Aynan shunday odamlar iqtisodiyotni rivojlantirishga, davlat va jamiyatni yangilashga qodir edi. Prussiya taʼlim vazirining fikriga koʻra, yangicha taʼlim tizimi odamlarni, ularning tafakkurini oʻzgartirishi kerak edi.

Gumboldt modelini tahlil qilgan olimlarning taʼkidlashicha, ushbu model oʻqimishli kishilar yuqori ballar olishi, koʻp maqolalar chop ettirishi va koʻproq mukofotlarga sazovor boʻlishi singari koʻrsatkichlarga ega emas, balki ilm-fan va ishlab chiqarishni ham, tadbirkorlik va madaniyatni ham oldinga surishga qodir boʻlishlari kerak, degan fikrga asoslanadi.

Shunday qilib, oʻsha davrdagi islohotlar ijodiy fikrlovchi odamlar yetishib chiqishiga olib keldi va ular kelgusida mamlakatni innovatsion rivojlanish yoʻliga olib chiqdi.

Albatta, har bir davlat oʻz tarixini oʻzi mustaqil yaratadi. Lekin moziydagi voqealarni oʻrganmoq va uning eng ibratli jihatlarini hayotga joriy etmoq faqatgina ijobiy samaralar keltirishi, shubhasiz.

Hunar — oqar buloq, bilim — yonar chiroq

Oʻzbekistonda taʼlim bilan bogʻliq muammolarga eng yuqori darajada eʼtibor qaratilayotgani ham ularning nechogʻli muhimligidan dalolat beradi. Prezidentimiz har bir yigʻilishda, viloyatlarga safarlari va ziyolilar bilan uchrashuvlarda hamisha bolalar bogʻchalari, maktablar, texnikumlar va oliy taʼlim muassasalarining ahvoli masalasini koʻtarishi bejiz emas. Negaki, sohadagi holat yaxshi emasligi maʼlum boʻlib qoldi. Endi esa uni tubdan, toʻliq va prinsipial jihatdan isloh qilishga kirishildi.

Mamlakatimizda taʼlim tizimining barcha boʻgʻinida asosiy kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, amaliy saʼy-harakatlar belgilab olindi. Ularning hammasi intellektual, maʼnaviy-axloqiy, madaniy va innovatsion taraqqiyotga erishish uchun mustahkam poydevor yaratishni maqsad qilgan. Ushbu hujjatlarni bosqichma-bosqich ijro etish davlat va jamiyatni oʻzgartirishga xizmat qilyapti, xalqimizning ishonchini mustahkamlab, xalqaro hamjamiyatning eʼtirofiga ham sazovor boʻlyapti.

2019-yilning sentyabrida davlatimiz rahbari Toshkentdagi Prezident maktabiga tashrifi chogʻida faxriy mehmonlar daftariga jumladan, shunday fikrlarni yozgan: “Yangi Oʻzbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, oʻz Vatanini jondan ortiq sevadigan, uning yorugʻ kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz”.

Tarixan qisqa muddat ichida ana shu ezgu maqsadga erishish uchun salmoqli ishlar qilindi. “Maktabgacha taʼlim — maktab taʼlimi — oliy taʼlim” uzviy tizimi shakllantirildi. Oʻsib kelayotgan avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishga yoʻnaltirilayotgan sarmoyalar sezilarli darajada oshirildi. Nafaqat shakli, balki mazmuni jihatidan ham yangi bolalar bogʻchalari, maktablar, texnikumlar va oliy oʻquv yurtlari paydo boʻldi, ularda puxta bilim va ilgʻor tafakkur, zamonaviy koʻnikma va malakalar shakllantirilmoqda. Oʻn bir yillik maktab taʼlimi qayta tiklandi. Respublikamiz boʻylab Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan, ijod va xususiy maktablar ochilyapti. Ularda iqtidorli bolalarni aniqlab, har tomonlama rivojlantirish orqali yangi davr kadrlarini tayyorlash uchun mustahkam asos yaratilmoqda.

Yoshlarni kasbga yoʻnaltirish ishlariga eʼtibor kuchaytirildi, amaliy mashgʻulotlar hajmi koʻpaytirildi, shuningdek, moddiy-texnik baza yangilanib, xalqaro andozalar darajasidagi ilgʻor texnologiyalar joriy etilmoqda.

Bugun yangidan bunyod etilayotgan maktablardagi sharoitlarga bir bor nazar tashlasak, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning maʼno-mazmunini yana-da teran anglaymiz. Keng va yorugʻ, shinam xonalar, zamonaviy jihozlangan laboratoriyalar, elektron doskalar, global tarmoqqa ulangan kompyuterlar, soʻnggi rusumdagi oʻquv qurollari va uskunalari... Ular har bir yoshning quvvai hofizasini yuzaga chiqarishi, puxta bilim olishi uchun xizmat qiladi.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonning maktab taʼlimi yana bir jihatdan oʻziga xoski, unda tahsil olayotgan yigit-qizlar nafaqat umumtaʼlim fanlariga oid bilimlarni egallaydi, balki katta hayot uchun zarur boʻlgan kasb-hunarlarni ham oʻrganib, mustaqil faoliyat yurita oladigan mutaxassis sifatida maktabni tamomlaydi.

Bu nima uchun muhim, deb soʻrashingiz mumkin. Buning muhimligi shundaki, ertaga oliy oʻquv yurtida oʻqishga kirish uchun harakat qilgan yigit-qizlar bilimlar raqobatiga dosh berolmay, omadsizlikka uchragan taqdirda umidsizlikka tushmaydi. Negaki, u maktabdayoq oʻzi xohlagan kasbni puxta egallagan va kerak boʻlsa, shu kasb boʻyicha ishga joylashish imkoniyatiga ega.

Xalqimizda “Hunar — oqar buloq, bilim — yonar chiroq”, degan purhikmat maqol bor. Zero, qoʻlida hunari bor insonning xonadonida qut-baraka nihoyasiz buloq suvi misoli doimo oqib turadi. Bilim yuksak manzillarga, baland marralarga eltuvchi yoʻllarni xuddi chiroq kabi yoritadi. Sevgan kasb-hunari, yuksak bilimi bor inson hayot yoʻllarida qoqilmaydi, oʻz orzu-maqsadlariga yetadi.

Mamlakatimizda har bir bolaga shaxs sifatida yondashilib, ularning zamonaviy bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoit yaratilgani zamirida ana shunday ezgu muddao mujassamdir.

Buyuklarga munosiblik baxti va masʼuliyati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 6-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni yetakchi tarmoqlarni sifat jihatidan yangilash va mamlakatni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

Bu esa davlat va jamiyat rivojidagi, milliy insoniy kapitalni shakllantirishdagi bosqichlardan biri boʻlib, istiqbolimiz uchun juda muhimdir. Birgalikda, umumiy saʼy-harakatlar yordamida oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga yetishimizga sira shubha yoʻq.

Ishonchimiz shuning uchun ham mustahkamki, ota-bobolarimiz jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan buyuk insonlar boʻlishgan. Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulugʻbek, Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Mahmud Zamaxshariyning nomlari butun dunyoga mashhur.

Ilm-fan, adabiyot va din sohalarida erishilgan katta yutuqlar, ozodlik va taraqqiyotga toʻsqinlik qiluvchi bilimsizlik ustidan qozonilgan gʻalaba ana shu buyuk tarixiy shaxslarning nomlari bilan bogʻliq. Ular jahon Renessansi — Uygʻonish davrida muhim rol oʻynagan, ilm-maʼrifat va hunarmandchilik rivojiga ulkan hissa qoʻshishgan. Ularning saʼy-harakatlari bilan qadim zamonlardan boshlab odamlar bilim va koʻnikmalarning, turmush darajasini oshirishni taʼminlovchi axloqiy-maʼnaviy tarbiyaning mazmun-mohiyatini anglab yetishgan. Ajdodlarimiz bizga — keyingi avlodlarga hajmi va ahamiyatiga koʻra bebaho meros qoldirishgan.

Demak, har birimizning bugungi kundagi muqaddas burchimiz — ularning ishini munosib davom ettirishga qodir boʻlish, yaʼni bilimlarimizni toʻxtovsiz boyitib borish, yangi kashfiyotlarni amalga oshirish, oʻz sohamiz boʻyicha mahorat sirlarini egallashda yangi-yangi choʻqqilarni zabt etishdan iborat.

Ayniqsa, bugun har bir yosh avlod vakili buyuk ajdodlarga munosiblik baxti va oʻz navbatida, masʼuliyati ichra yashashi lozim. Toʻgʻri, har qanday jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni bir qadar tez oʻzgartirish, bu borada yangi qonunlar qabul qilib, tub islohotlar oʻtkazish mumkin. Biroq har doim ham oʻsha yangilanishlarga odamlarning munosabatini, ularning bu boradagi tafakkuri, koʻnikmalari, urf-odatlarini dabdurustdan oʻzgartirib boʻlmaydi.

Tan olishimiz kerak: bugungi islohotlar, ularning zamiridagi ulugʻ maqsadlarni anglash, idrok etish baʼzilar ongida ogʻirkarvonlik bilan kechayotgani ham bor gap. Ular maktabni tamomlagan oʻgʻlining ertangi istiqboli haqida qaygʻurish oʻrniga “Farzandimiz shuncha yil oʻqidi, boʻldi-da. Oʻqigan bilan shahar olib berarmidi? Uning oʻrniga ishlasin: toʻrt-besh soʻm pul topsa, oila byudjetiga yordamlashgan boʻladi” yoki “Qiz bola — birovning xasmi, oʻqigan bilan foydasi yoʻq, baribir uyda oʻtiradi, uning baxtini boylamay, birortasiga uzatib, tezroq qutulaylik”, deya sayoz fikrlayotgan ota-onalar ham, afsuski, uchraydi.

Biroq oliy taʼlim olmagan, biror sohaning mutaxassisi boʻlmagan yigit-qizlar katta hayot yoʻllarining pastu balandliklarida qoqilishi, uchragan toʻsiqlarni yengib oʻtishga qiynalishi mumkin. Shunday ekan, avvalo, ota-ona bolaga maktabdanoq toʻgʻri yoʻl koʻrsatishi, murgʻak qalbning orzu-maqsadlariga qanot boʻlishi kerak. Zero, buning uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilmoqda.

Xususan, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi boʻyicha ustuvor vazifalarga mos kadrlarni tayyorlash maqsadida oʻrta-maxsus va oliy taʼlim tizimi ham tubdan oʻzgarmoqda. Misol uchun, mamlakatimizda keyingi bir necha yil davomida 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi faoliyat boshlagani, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ochilayotgani yosh yigit-qizlarimiz parvozi uchun keng maydon yaratmoqda.

Raqamli savodxonlik — global ehtiyoj

Zamonaviy taʼlim tizimini nimasiz tasavvur etib boʻlmaydi? Albatta, raqamli va kompyuter texnologiyalarisiz. IT-texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish — bu hech bir istisnosiz barcha sohalarda sifat jihatidan yangicha hayotning ajralmas bir boʻlagi.

Ekspertlar fikricha, bugun raqamlashtirish jarayonining yutuqlarini, uning uslublariyu mexanizmlari, imkoniyatlarini hisobga olmasdan inson faoliyatining biror sohasini rivojlantirish mushkul.

Joriy yil Oʻzbekistonda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb eʼlon qilingan. Shu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar, ayniqsa, pandemiya sababli roʻy bergan favqulodda sinovlar davrida qanchalik asqatgani va oʻzini toʻliq oqlagani kundek ravshan.

Toʻgʻri, onlayn va masofaviy taʼlimning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilib, u boʻyicha turlicha munosabat bildirish mumkin. Ammo koronavirus oddiy, kundalik ishlarimizni ham hayot va salomatlik uchun xavfli qilib qoʻygan murakkab bir sharoitda axborot almashish hamda bilim olishda aynan shunday usul qoʻl keldi va u yagona imkoniyatga aylandi. Oʻzbekiston foydali va noyob boʻlgan bu tajribani yana-da boyitmoqda, mazkur yoʻnalishni rivojlantirmoqda, erishilgan natijalar bilan oʻrtoqlashishga ham tayyor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida kiritgan, oʻzaro kelishilgan oʻquv dasturlari asosida aholini oʻqitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklif dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotdi.

Jumladan, germaniyalik Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert, “Berliner Telegraph” jurnali muxbiri Anna Voltxat yangi taraqqiyot bosqichiga oʻtgan SHHTda Oʻzbekistonning alohida rolini qayd etar ekan, respublika rahbarining ushbu taklifi iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotgan bir sharoitda juda muhim ekanini taʼkidladi.

Belarus davlat universiteti xalqaro munosabatlar fakulteti professori Viktor Shadurskiyning soʻzlariga koʻra, SHHT mamlakatlari uchun dastur ishlab chiqish gʻoyasi davlatlar va xalqlarni birlashtiruvchi aniq tashabbus boʻlib, u zamonamizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini real hayotga joriy etish jarayonida nafaqat aholining katta qismida kompyuter jihozlaridan foydalanish koʻnikmalari mavjud emasligi, balki raqamlashtirishning ahamiyatini tushunmaslik ham xalaqit beryapti, deb hisoblaydi ekspert. Zamonaviy taraqqiyotning raqamli jihatlari ahamiyatini tan olmaslik alohida shaxslar uchun ham, butun mamlakatlar uchun ham ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. AKTdan foydalanishni bilmaslik bugungi kun odami uchun “savodsizlik”dir, u ayniqsa, mehnatga layoqatli yoshdagi insonlar uchun kechirilmas hol.

— Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan taklif etilgan xalqaro dasturni mamlakatlarimizda 1920 — 1930-yillarda amalga oshirilgan savodsizlikni tugatish dasturi bilan qiyoslash mumkin, — deydi V. Shadurskiy. — Bu borada aniq va tushunarli ishlar koʻp. Shuning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning kompyuter savodsizligiga qarshi kurashga daʼvatini hamma eshitishi kerak.

Bugungi davr yangi qoidalar, yangicha oʻqitish uslublari va yangi axborot tashuvchilarini taklif etmoqda. Texnologiyalar bazaviy ehtiyojga, internet esa “global miya” bilan aloqa oʻrnatish usuliga aylandi. Bizning mamlakatimiz oʻzgargan dunyo bilan birga qadam tashlash uchun yetarli salohiyatga ega. Mana, birgina “uchinchi Renessans” iborasini oling — u ham qogʻozda yozilgan holda emas, balki ekranlarda koʻproq koʻzga tashlanadi. Ammo hozir ham, xuddi besh yuz, ming yil ilgarigidek, Uygʻonish davrining negizida bilim va iqtidor, izlanish va yaratuvchanlik, sinchkov aql-farosat va erkin fikrdan iborat mustahkam, buzilmas poydevor yotadi. Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan gʻoyasining chuqur falsafasi ham shunda.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?