Ilk bora besh bosqichda tashkil etilgan “Zakovat” intellektual oʻyini natijalari qanday boʻldi?

17:11 23 Iyun 2022 Jamiyat
388 0

Foto: Халқ сўзи

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Yoshlar ishlari agentligi hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT hamkorligida “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Zakovat” bahslari ilk bor besh bosqichda: mahalla bosqichi, sektor bosqichi, tuman (shahar) bosqichi, hududiy bosqich va final bosqichidan iborat shaklda tashkil etildi.

Yoshlar oʻrtasida intellektual oʻyinlarni rivojlantirish, ilm-fanga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan mazkur oʻyin har bir bosqichida murosasiz kechdi, desak mubolagʻa emas.

Respublika boʻylab oʻtkazilgan oʻyinlarda jami 725 583 nafar «Zakovatchilar» ishtirok etdi. Bahslarda intellektual salohiyatli, har jabhada ilmli boʻlgan yoshlar saralandi va final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Oʻyinining final bosqichiga hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 ta hududdan jami 294 nafar ishtirokchidan tashkil topgan 42 ta jamoa yetib keldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 1 oʻrinni Qashqadaryo viloyati, Koson tumanining “Paxtazor” mahallasi, 2 oʻrinni Toshkent shahri, Chilonzor tumanining «Dilobod» mahallasi, 3 oʻrinni Samarqand viloyati, Payariq tumanining «Sorisuv» mahallasi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Final bosqichining gʻolib va sovrindorlari munosib tarzda mukofotlanadi. Jumladan, yakuniy bosqichda birinchi oʻrin sohiblariga 100 000 000 soʻm, ikkinchi oʻrin sohiblariga 60 000 000 soʻm, uchinchi oʻrin sohiblariga 30 000 000 soʻm pul mukofotlari topshirildi.

— Yoshligimdan televizor orqali “Zakovat” oʻyinlarini tomosha qilar, qachondir men ham bilimdonlar safiga kiraman, televizor orqali butun mahallam, yaqinlarimga salom yoʻllayman, deb niyat qilardim, — dedi “Paxtazor” mahallasi bilimdoni Muhammadali Nazarov. — Bugun shu tilagim birmuncha ushaldi. Jamoamiz bilan har bir bosqichda faol ishtirok etib gʻoliblikni qoʻlga kiritdik. Demak, bugun menda salom yoʻllash imkoniyati bor, fursatdan foydalanib shu yergacha yetib kelishimda mehnatlari singgan har bir odamga, qishlogʻimga, oilamga hamda boʻlajak zakovatchilarga salom yoʻllayman. Niyat qiling, maqsad qiling va erishing, zero, buning uchun yurtimizda har qanday shart-sharoit mavjud.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?