Ilgʻor tadbirkorlarga davlat mukofotlari topshirildi

19:29 22 Avgust 2022 Siyosat
1479 0

Foto: president.uz

22-avgust kuni Xalqaro kongress markazida Tadbirkorlar kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ishbilarmonlarini bayram bilan tabriklab, tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishda asosiy kuch ekanini taʼkidladi.

– Jamiyatda tadbirkorlarning obroʻsi va mavqeyi kun sayin yuksalib, ichki va tashqi bozorda oʻz mustahkam oʻrniga, oʻz nufuzi va brendiga ega boʻlgan ishbilarmonlar tobora koʻpayib bormoqda. Davlat idoralarida ham ularga munosabat tubdan yaxshilandi. Tadbirkorlarga nisbatan mana shunday yondashuv bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20-avgustdagi farmoniga muvofiq, Tadbirkorlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan soha vakillaridan bir guruhi mukofotlangan edi. Tadbirda davlatimiz rahbari 29 nafar fidoyi va ilgʻor tadbirkorlarga ana shu orden va medallarni topshirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19-avgustdagi farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan edi. Ushbu mukofotga sazovor boʻlgan 100 nafar tadbirkorga ham joylarda ushbu yangi koʻkrak nishoni topshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?