Ikkita qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi. Nega?

16:53 17 Noyabr 2020 Siyosat
336 0

2020-yil 17-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Kengash aʼzolari Qonunchilik palatasi faoliyatiga doir bir qator masalalar bilan birga 18-19-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan palata yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalarni ham muhokama qildilar.

Kun tartibidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil 9 oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot ham oʻrin olgan. Ushbu hisobot palataga kelib tushishi bilanoq barcha qoʻmitalar va fraksiyalarda qizgʻin muhokamalarga, bahs-munozaralarga mavzu boʻldi. Har bir yigʻilishda tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddilari deputatlar bergan savollarga toʻliq va ishonchli javob qaytarishga harakat qildilar. Hisobot muhokamasiga boʻlgan qiziqish kengash majlisida ham oʻz aksini topdi. Kengash aʼzolari tomonidan hisobot yuzasidan qilinadigan maʼruzaga ajratilgan vaqtni qisqartirish va shuning hisobiga deputatlarni qiziqtirgan savollariga koʻproq vaqt berish taklifi bildirildi. Yalpi majlisda byudjet ijrosining shaffofligi, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, noqonuniy oʻzlashtirishlar kabi masalalar yuzasidan savol-javoblar boʻlishi kutilmoqda.

Kengash yigʻilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18-19-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan majlisi kun tartibidan oʻrin olgan qonun loyihalari birma-bir koʻrib chiqildi. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining nazorat faoliyati takomillashtirilishi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining daxlsizligi kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va va qoʻshimchalar kiritish haqida” qonun loyihasi ham shular jumlasidan boʻlib, mazkur hujjat siyosiy partiyalar fraksiyalarida keskin bahslarga sabab boʻlmoqda. Bahslar bir xil emas: OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari loyihadagi deputatlar daxlsizligi masalasiga doir normalarga jiddiy eʼtiroz bildirsalar, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari mazkur oʻzgartishlar oʻrinli ekanini taʼkidlamoqdalar. Shu bois, Kengash aʼzolari partiya fraksiyalari mazkur masalada bir toʻxtamga kelgach, uni yalpi majlis muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiq deb topdilar va qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi.

Kengash yigʻilishida eʼtirozlarga sabab boʻlgan masalalardan yana biri bu – “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda deputatlar hukmiga havola qilinishi taklif etildi. Qonun loyihasida amaldagi qonunchilikda belgilangan oʻz resurslarini ijtimoiy sohaga yoʻnaltirgan korxonalarni aniqlash mezonlari, ijtimoiy sohaga investitsiya jalb qilganlik uchun taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar hisobga olingan. Shuningdek, ijtimoiy korxonani aniqlash mezonlarining va ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi shakllari belgilanmoqda. Kengash yigʻilishida mazkur qonun loyihasi yuzasidan ham turli fikrlar bildirildi. Xususan, loyiha bilan tadbirkor deb bilingan yagona tushuncha ham, subyekt ham ikki toifaga boʻlinib qolayotgani, bu esa biznesni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashdan iborat tushunchani mavhumlashtirishi va salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi taʼkidlandi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasida boʻlib oʻtgan muhokamalar chogʻida mazkur qonun loyihasi yuzasidan qator savollar koʻtarilgani aytib oʻtildi. Shundan soʻng masʼul qoʻmitaga qonun loyihasi boʻyicha fraksiyalar bilan yana bir bor muhokamalar oʻtkazish taklifi bildirilgan holda mazkur masala ham yalpi majlis kun tartibidan chiqarildi.

Yigʻilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?