Ikki tanlovning respublika bosqichi Samarqandda oʻtkazilyapti

14:10 18 Iyun 2025 Jamiyat
250 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda “Turon” maktab teatri» va “Iqtidor maktab ansambli” tanlovlarining respublika bosqichiga start berildi. Har ikkala tanlovda uning quyi bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 28 jamoaning 300 nafar aʼzosi ishtirok etmoqda.

Dastlab Registon maydonida tadbirning ochilish marosimi, “3D shou” namoyishi boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng Samarqand viloyat musiqali drama teatrida “Turon” maktab teatri» tanlovining respublika bosqichi boshlandi. 14 ta jamoa “Bizning maktab”, “Teatr — ibratxona” shartlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashadi. Ularning ketma-ketlikdagi chiqishlari qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlandi.

Aytish joizki, ushbu tanlovning respublika bosqichida taniqli sanʼatkorlar — Bahodir Nishonov, Zuhra Ashurova, Shohida Ismoilova, Lola Eltoyeva, Baror Hasanov hakamlik qilyapti.

— Sahnada tanish-bilish ketmaydi, — dedi Oʻzbekiston xalq artisti Zuhra Ashurova. — Ustozlar aytganidek, sahna — muqaddas dargoh. Unga xiyonat qilinmaydi. Ishtirokchilarni iqtidoriga qarab baholaymiz. Hamma jamoaga omad tilayman.

Toyloq tumanidagi 57-maktabning “Barkamol avlod” jamoasi tanlovda Samarqand viloyati shaʼnini himoya qiladi.

— Jamoamizda 11 nafar oʻquvchi bor, — deydi oʻqituvchi Zarina Parmonova. — Tanlovga Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni tayyorlab kelganmiz.

Jamoalar “Bizning maktab” shartida oʻz maktabi yutuqlarini koʻrsatib berishi va beshta savolga javob topishi kerak boʻlsa, “Teatr — ibratxona” shartida biror sahna asaridan parcha namoyish qilishi lozim.

Tanlov 3 kun davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?