Ikki nafar shaxmatchimiz FIDE reytingida TOP-10dan joy oldi

15:35 18 Fevral 2021 Sport
742 0

Xalqaro shaxmat federatsiyasi, yaʼni FIDE fevral oyi uchun oʻzining yangi reyting jadvalini eʼlon qildi. Eʼtiborlisi, tashkilotning oʻsmirlar reytingida ikki nafar hamyurtimiz kuchli oʻntalikdan joy olishdi. Bular – Nodirbek Abdusattorov (reytingda 4-oʻrinni egallab turibdi) hamda uning adashi Nodirbek Yoqubboyevdir (8-oʻrin).

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maʼlum qilishicha, Abdusattorovdan yuqorida turgan uch nafar shaxmatchi yosh jihatidan hamyurtimizdan bir-ikki yoshga katta sanalishadi. Oʻsmir va yoshlar toifasida bir yosh ham katta oʻrin tutishini inobatga olsak, N.Abdusattorov oʻz yosh toifasida dunyoda yetakchi ekani oydinlashadi.

Shuningdek, yana ikki nafar yosh va iqtidorli shaxmatchilarimiz TOP-30ga kiritilgan. Dunyodagi eng yosh grossmeysterlardan biri Javohir Sindorov 26-pogʻonada qayd etilgan boʻlsa, Shamsiddin Vohidov 30-oʻrinni egallab turibdi.

Oʻsmirlar reytingini esa asli eronlik, ammo hozirda xalqaro musobaqalarda FIDE bayrogʻi ostida ishtirok etayotgan Alirizo Feruziy boshqarib bormoqda. Kuchli uchlikdan Rossiya terma jamoasi aʼzosi Andrey Yesipenko hamda yana bir Eron shaxmat maktabi vakili Muhammadamin Tabatabay oʻrin olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?