Ikki xalq orasiga nizo solishga harakatlar ham boʻldi — Vazir Sardobadagi toshqinining Qozogʻistonga zarari, tomonlar qanday muzokaraga kelgani haqida gapirdi

14:32 01 Mart 2021 Jamiyat
471 0

Bugun, Qurilish vazirligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga Sardoba suv omborini tiklash ishlari haqida maʼlumot berildi. Unda Qurilish vaziri Botir Zokirov, Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevlar ishtirok etdi.

Maʼlumki, Sardoba suv ombori toʻgʻonlaridan biri 2020-yil 1-may kuni yorilishi oqibatida yirik suv toshqini yuz bergan edi. Suv ombori dambasining 60 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelishi oqibatida yirik suv toshqini yuzaga kelgan edi.

Sardobadagi suv toʻgʻonining yorilishi oqibatida Qozogʻistonning Maqtaaral tumanidagi baʼzi aholi yashash punktlari suv ostida qolgan edi. Qozogʻistonlik amaldorlar, xususan Turkiston viloyati hokimining oʻrinbosari Saken Kalkamanov Oʻzbekiston rasmiylari Qozogʻiston tomonga bir tomchi suv ham oʻtmasligini maʼlum qilganini aytgan edi, biroq 14 ta aholi punktidagi yuzlab xonadonlar suv ostida qolgan edi.

Matbuot anjumanida “Xalq soʻzi” muxbiri mutasaddilardan qoʻshni Qozogʻiston rasmiylariga Oʻzbekiston nomidan aynan kim va nima sababli shunday maʼlumot bergani boʻyicha izoh soʻradi. Holat boʻyicha Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev maʼlumot berdi.

«Haqiqatan, Qozogʻiston hududiga suv oʻtdi, ular bizga murojaat qilganda barcha savollarga toʻla-toʻkis javob berganmiz. Avariya boshlanishidanoq shaxsan men ham bogʻlanganman, oʻrinbosarim ham bogʻlangan va ular sal notoʻgʻri talqin qilishdi. Keyin aniqlik kiritdik, ular tan oldi buni. Endi men hozir yomonlamoqchi emasman, baʼzi notoʻgʻri maʼlumotlar ham tarqaldi, biz ularni oʻzaro gaplashib hal qilganmiz.

Hatto video ham tarqaldi. «Mana Oʻzbekistondan Maqtaaralga suv kelyapti» degan mazmundagi. Biz suv kam boʻlgan vaqtda yordam berganmiz ularni ham suv bilan taʼminlaylik deb, kanalni olib borganmiz, ular rahmat degan. Shuni ular videolarda koʻrsatildiki, mana Oʻzbekiston oʻzini suv bosgan hududidan suvni olib chiqish uchun bizga yuboryapti, «Bos, Maqtaaralni» degan gaplar, ikki xalq orasiga nizo solishga harakatlar, provakatsiyalar ham boʻldi. Yurtboshimiz mamlakat rahbari bilan gaplashgach, yaxshi muzokaralar boʻldi. Biz xabar berib turdik, shaxsan men ham gaplashib turganman.

Ular menga savol berishdi. Agar Doʻstlik kanalidan suvni bizga yuborsang ahvolimiz juda ogʻir boʻladi. Bizga oson edi, Doʻstlik katta kanal, suvni unga olib tashlayversak yana ularni battarroq suv bosardi. Ular bunday qilmanglar deb iltimos qildi. Men ularga boshdan kafolat berdim Doʻstlik kanalidan senga bir tomchi ham suv bormaydi deb va shuni taʼminladik. Shuning uchun minnatdorchilik xatlari berildi, Bosh vazir imzosi bilan. Biz juda koʻp tadbirlarni hamjihatlikda oʻtkazdik. Biz oʻzimizni ham ularni ham talofatdan asrash uchun, hamkorlikda ishladik. Xalqimizda doʻst qiyinchilikda bilinadi degan gap bor. Ular falokat vaqtida bizning vaziyatimizni tushundi», dedi Shavkat Hamroyev.


Inobat AHATOVA, 

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?