Ikki yil davomida 266 marta “Tez yordam” xizmati xodimlariga hujumlar uyushtirilgan, faqat 40ta holatda jazo chorasi qoʻllanilgan

11:53 27 Noyabr 2019 Jamiyat
610 0

2017 – 2019-yillarda birgina shoshilinch va tez yordam tizimi shifokorlariga bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan 266-marta zoʻravonlik qilish, ularga tan jarohati yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi rahbari Furqat Sanayev oʻzining telegramdagi kanalida maʼlum qildi.

Sanayevga koʻra, bundan 340 nafardan koʻproq tibbiyot xodimlari jabr koʻrgan. Ushbu vaziyatda bor yoʻgʻi 40 holatda jazo chorasi qoʻllanilgan. 109 holatda yarashtiruv bilan ish tugallangan, 128 holatda shifokorlarga tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo koʻrish masalasi hal etilmagan. Taassufki, vazirligimiz jinoyatga huquqiy baho berish, aniqlash va jazolash vakolatiga ega emas.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Holbuki, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shunday holat roʻy bersa, aybdor qonun oldida qatʼiy javob beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, yaqinda Buxoroda yoʻl patrul xizmati inspektorining koʻkrak nishoni, radioaloqa vositasi va jezl tayogʻini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi. Bundan bir muddat oldin Navoiyda tez tibbiy yordam shifokorini haqoratlab, tahqirlagan holatga bevosita vazirligimizning murojaatidan soʻng ham aybdor shaxs esa 15 sutka qamoq va ozgina jarima bilan qutulib ketganligini qanday baholash mumkin?

Shundan kelib chiqib, yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʻmagida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi va birinchi oʻqishda qabul qilindi. Ayni paytda soha mutaxassislari va ekspertlari tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

Bu hozirda qariyb har kuni sodir boʻladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik taʼsir kuchga ega boʻlishidan umidvormiz.

Fuqarolarimiz ham zimmalariga zalvorli masʼuliyat yukini olib, insonlar salomatligi yoʻlida kunu tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashni oʻzlarining vijdoniy burchlari deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini taʼminlashga hamda qatʼiy jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga oʻz hissalarini qoʻshishlarini soʻrab qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?